Rossiyaning '"Fly and See Agro" kompaniyasi O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni tashkil etish niyatida, deb yozadi “Kommersant” nashri.

“Navoiy” EIZ rahbari Habib Abdullayev va “Fly and See Agro” kompaniyasi bosh direktori Vasiliy Ptitsin mamlakatda uchuvchisiz uchish tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzoladi.

Navoiyda rossiyalik mutaxassislar ishtirokida qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun dronlar ishlab chiqarilishi hamda tashqi bozorlarga, jumladan, Rossiyaga eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Besh yillik muddatda dasturning umumiy qiymati $80 mlnni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, “Fly and See Agro” kompaniyasi O‘zbekistonni Yaqin Sharq bozorlariga chiqish uchun tramplin deb hisoblaydi.

Joriy yilning iyun oyida Janubiy Koreya O‘zbekistonni qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun dronlar bilan ta’minlashga yordam berishi ma’lum qilingandi.

Mazkur dronlar orqali ekin ekish ishlarining kompleks monitoringi, o‘g‘itlash va o‘simliklar kasallanishiga qarshi kurashni yuqori aniqlikda o‘tkazish imkoni yaratiladi.

O‘zbekistonda dronlardan foydalanish

2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.

Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.

2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.

Yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi.

Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.

Unga ko‘ra, dronlar parvozini bajarish vaqtida fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchadigan apparat operatorida ushbu apparatni uchishga tayyorlash va boshqarishga oid qo‘llanma bo‘lishi shart.