Bir oyda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 1,7 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etilgan.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida jami 13,9 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (11,5 trln so‘m) 1,2 barobarga oshgan.

Xususan, 4,67 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar banklarning o‘z hisobidan, 7,82 trln so‘m asosiy pul miqdori esa Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirilgan.

Qolgan 1,4 trln so‘mi O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan davrda ipoteka krediti oluvchilar soni 57 503taga yetgan. Jami kreditlarning 58%i (8,08 trln so‘m) birlamchi bozordagi uylarga ajratilgan bo‘lsa, qolgan 42%i (5,81 trln so‘m) ikkilamchi bozordagi uylarga ajratilgan.

ipoteka krediti, markaziy bank

Hududlar kesimida 4,33 trln so‘m kredit hajmi bilan Toshkent yetakchilik qilmoqda. Uchta viloyat — Farg‘ona (1,1 trln so‘m), Toshkent (1,05 trln so‘m) hamda Navoiy (1,02 trln so‘m) viloyatlarida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 1 trln so‘mdan oshdi.

Bundan tashqari, Samarqand viloyati ham 976,3 mlrd so‘m ipoteka krediti bilan yuqori o‘rinda turibdi.

Shuningdek, bu davrda 21 mingdan ortiq xotin-qizlarga 4,96 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan bo‘lib, ularning jami kredit hajmi nisbatan ulushi 36%ni tashkil etadi.

Avvalroq “Spot” banklardagi ipoteka kreditlari hamda rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlarga ajratiladigan ipoteka kreditlari haqida ma’lumot bergandi.