Joriy yilning o‘n oyi davomida 58 656 nafar fuqaroga 11,5 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Markaziy bank bu bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.

Bu ko‘rsatkich sentabr oyida 10,3 trln so‘mni tashkil etgandi.

Xususan, 2,9 trln so‘m miqdoridagi mablag‘ banklarning o‘z hisobidan ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 712 mlrd so‘mni tashkil etgan.

8,3 trln so‘m asosiy pul miqdori esa Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirildi. Qolgan 142 mlrd so‘m esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

Hududlar kesimida kredit oluvchilarning eng ko‘p ulushi 11 839 nafar fuqaro bilan Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Bu davrda poytaxt aholisiga 3,5 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratilgan.

Undan keyingi o‘rinlarda esa Samarqand (955 mlrd so‘m) hamda Farg‘ona (948 mlrd so‘m) viloyatlari turibdi. O‘tgan oyda Farg‘ona 869 mlrd so‘m ipoteka krediti bilan ikkinchi pog‘onada turgandi.

Sirdaryo viloyati 260 mlrd so‘m ipoteka krediti bilan eng kam ko‘rsatkich pozitsiyasini saqlab qolmoqda.

Shuningdek, aholiga ajratilgan kreditlarning 76%i birlamchi bozordagi uylar xaridiga, qolgan 24%i esa ikkilamchi bozordagi uylar xaridiga sarflangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi.

Kreditlarning asosiy qismi ya’ni 70%i 31−50 yosh oralig‘idagi aholiga to‘g‘ri keladi, bu davrda ularning umumiy soni 40 860 nafarga yetdi.

18−30 yosh oralig‘ida kredit olgan yoshlar soni esa 12 329 tani tashkil etgan.

Jami kreditlarning 41%i — 4,2 trln so‘mi 23 800 nafar xotin-qizga berilgan.

Bundan tashqari, yangi tartib doirasida ajratilgan ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkasi o‘tgan oyga nisbatan tushib (17,2), banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarining foiz stavkasida aksincha o‘sish qayd etildi (23,5).

O‘tgan oyda ipoteka kreditlari hisobiga sotib olingan uy-joylarning o‘rtacha narxlari tahlil qilinib, xonadonlarning nisbatan balandroq narxi Toshkentda kuzatilgan — 463,8 mln so‘m.