Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 10,3 trln so‘mga yetdi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan avgust oyida 9,1 trln so‘mni tashkil etgandi.

Joriy yilda ipoteka kreditining 2,6 trln so‘m miqdori banklarning o‘z hisobidan ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 659 mlrd.ni tashkil etgan.

Shuningdek, 7,6 trln so‘m asosiy pul miqdori Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirilgan.

Qolgan 129 mlrd so‘m esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

Hududlar kesimida aholining ipoteka kreditlariga bo‘lgan talabi Toshkent shahrida yuqoriligicha qolmoqda.

Bu davrda kredit oluvchilar soni 10 mingdan oshib, 3,1 trln so‘mni tashkil etgan.

Undan keyingi o‘rinlarda esa Farg‘ona (869 mlrd so‘m) hamda Samarqand (847 mlrd so‘m) viloyatlari turibdi.

Bu safar ham eng kam ko‘rsatkichni 225 mlrd so‘m bilan Sirdaryo viloyati qayd etdi.

Shu bilan birga, aholiga ajratilgan kreditlarning 76%i birlamchi bozordagi uylar xaridiga, qolgan 24%i esa ikkilamchi bozordagi uylar xaridiga ishlatilgan.

Kreditlarning asosiy qismini ya’ni 70%ini 31−50 yosh oralig‘idagi aholi olgan bo‘lib, ularning umumiy soni 37 257 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, jami 53 541 nafar kredit oluvchining 59%ini erkaklar tashkil etadi.

Davlat rahbarining qarori bilan joriy yilning 1-noyabridan “korobka” holatdagi uy-joylar uchun ipoteka kreditlari hamda subsidiya ajratishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, subsidiya asosida olingan uy-joy krediti uchun yo‘naltirilgan mablag‘dan daromad solig‘i olinmaydi.

2023-yildan boshlab Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi ishga tushiriladi.

Bu orqali har bir fuqaroga yangi qurilgan xonadonni imtiyozli ipotekaga olish imkoniyati yaratiladi.