Anglesey Food (Korzinka) kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov Lolazor podkastida uning milliarder ekani haqidagi savolga javob berdi.
Suhbat davomida Muhrim A’zamxo‘jayev Hoshimovdan “Siz milliardermisiz?” deb so‘radi. Xushnudbek Xudoyberdiyev esa savolga aniqlik kiritib, gap dollar milliarderligi haqida ketayotganini qo‘shimcha qildi.
Hoshimov bunday baho berish uchun kompaniya qiymatini obyektiv baholash kerakligini, hozir esa buning uchun aniq mezon yo‘qligini ta’kidladi.
“Bir narsani aytaman, shaxsan umuman yo‘q, yaqin ham emas. To‘g‘risi. Masalan, buning uchun korxona qandaydir obyektiv baholanishi kerak. Bu narsa yo‘q”, — dedi u.
Tadbirkor qiziqarli savol o‘rtaga tashlanganini ta’kidlab, kompaniyaning qiymati uning kundalik faoliyatiga ta’sir qilmasligini va hozir ham biznesidagi odatiy ishlar bilan shug‘ullanayotganini bildirdi.
Zafar Hoshimov o‘z fikrini amerikalik tadbirkor va Walmart asoschisi Sem Uolton misolida izohladi. Uning aytishicha, Uolton ham kompaniya aksiyalarini chiqargach, undan o‘z boyligi milliardlab dollarga baholangani haqida so‘rashganida, bu raqamlar qog‘ozda yozilgan mablag‘ va buxgalterlarning abstraksiyasi ekanini ta’kidlagan.
Korzinka asoschisi berilgan savolni ham abstraksiya sifatida baholab, u uchun o‘z biznesi va faoliyati muhimroq ekanini bildirdi.
“Men juda yaxshi rivojlanib kelayotgan, o‘zim faxrlanadigan bir kompaniyaning aksiyadoriman va shu narsadan men faxrlanaman. Bu ishni yaxshi ko‘raman”, — deya xulosa qildi Hoshimov.
Avvalroq Spot Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashining yangi tarkibi tasdiqlangani haqida yozgan edi.
