Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2024−2026 yillarda “Biznesni rivojlantirish banki” va “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” faoliyatining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilanmoqda.

Xususan, “Biznesni rivojlantirish banki"ning kichik tadbirkorlarga ajratiladigan kreditlar qoldig‘ini 1,7 baravarga oshirish orqali kredit portfelidagi ulushi 28%dan 43%ga yetkaziladi.

Kichik biznes loyihalarini moliyalashtirishga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan $800 mlngacha resurslar jalb qilinadi. 150 mingta kichik tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, kengaytiriladi.

Bank tomonidan $300 mln miqdorida obligatsiya (yevrobond)larni xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqarish, shuningdek, xuddi shuncha miqdordagi yevrobondlarni “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan ham chiqarish belgilanmoqda.

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” kichik va o‘rta tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar hajmini 8 trln so‘mdan 14 trln so‘mga yetkazadi.

150ta o‘rta biznes korxonasiga ulush kiritish va xizmatlar ipotekasi asosida 300ta loyihani tadbirkorlarga sotish hamda o‘rta biznes sonini 2,5 baravarga oshirish belgilanmoqda.

Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilish bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etilib, hududlar va davlat dasturlari yo‘nalishlari kesimida 2024-yilda 2 mln aholi biznesga jalb qilinadi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan loyihalarni moliyalashtirish uchun “Biznesni rivojlantirish banki"ga jami $300 mln miqdorida mablag‘lar ajratiladi.

Shundan, $75 mlni bank ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirilib, qolgan $225 mlni subordinar qarz sifatida 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5% stavkada beriladi.

Avvalroq Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” sifatida qayta tashkil etildi.

Biznesni rivojlantirish banki

Joriy yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida “Qishloq qurilish banki” negizida “Biznesni rivojlantirish banki” tashkil etilishi belgilangandi.

Sentabr oyiga kelib bu bo‘yicha tegishli qaror bilan mazkur bank hamda uning huzurida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil etildi. Bundan tashqari, mazkur hujjat bilan Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengash tarkibi yangilandi hamda kengash a’zolari soni 22tadan 30tagacha oshirilib, unga “Biznesni rivojlantirish banki” raisi ham kiritildi.

Shuningdek, “Biznesni rivojlantirish banki"ning ustav kapitalini joriy yilning 1-oktabridan 2024-yilning yakunigacha bosqichma-bosqich 3 trln so‘mga yetkaz topshirildi.

Oktabr oyi boshida “Biznesni rivojlantirish banki” boshqaruvi raisi etib Saxi Annaklichev tayinlandi. U bungacha “O‘zsanoatqurilishbank” boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.