Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi oziq-ovqat yetkazib beruvchilar huquqlari buzilishi bo‘yicha arizalarni qabul qilishni boshladi.

Qo‘mita yirik savdo tarmoqlarida oziq-ovqat mahsulotlari (un, yog‘, go‘sht, sut, shakar va b.q.) mahalliy ishlab chiqaruvchilariga teng raqobat sharoitini yaratish va ular o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida o‘rganish o‘tkazmoqda.

Shu munosabat bilan, yirik savdo tarmoqlarida mahsulotni yetkazib beruvchi yoki yetkazib berish taklifi rad etilgan, jumladan quyidagi holatlarga duch kelgan tadbirkorlar (mahalliy ishlab chiqaruvchilar)ni ushbu o‘rganishlarda faol ishtirok etishlarini so‘ragan.

Xususan, yirik savdo tarmoqlari tomonidan:

  • xizmat ko‘rsatish imkoniyati bo‘la turib asossiz ravishda shartnoma tuzishni rad etish;
  • yirik savdo tarmoqlari tomonidan yetkazib beruvchilarning tovarlariga narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish;
  • boshqa yirik savdo tarmoqlari bilan shartnoma tuzmaslik shartini belgilash yoki ushbu shart bilan shartnoma tuzishga rozilik berish;
  • yetkazib beruvchilarga shartnoma tuzishda asossiz talablar belgilash, shu jumladan tovarni sotib berganlik uchun mukofot puli (retro bonus) va/yoki uni savdo rastasining iste’molchilarga yaqqol ko‘rinadigan joylarda joylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lash shartini majburan qabul qildirish;
  • tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shu jumladan bir xil tovar uchun to‘lov muddatlarini xar xil belgilash;
  • mahsulotlar uchun to‘lovni amalga oshirish muddatlariga rioya etmaslik;
  • mahalliy va import tovarlarga nisbatan teng bo‘lmagan sharoitlar yaratilganligi va shu kabi boshqa holatlar.

“Agar sizda yuqoridagi kabi holatlar va bozorda teng raqobat ta’minlanishi bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa, Raqobat qo‘mitasining so‘rovnomalarida o‘z taklif va murojaatlaringiz bilan qatnashib borishingiz mumkinligini ma’lum qilamiz”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Qo‘mita tomonidan tuzilgan ishchi guruh bu borada kompleks o‘rganishlar olib borib tadbirkor (mahalliy ishlab chiqaruvchilar)lardan taklif va shikoyatlar qabul qilish tizimi faoliyat olib boradi.