Hukumat qarori bilan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

“Tartibga solish qumdoni” — tadbirkorlarning texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalari nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini maxsus tartibga solish.

Raqamlashtirish, Transport, Investitsiya, sanoat va savdo, Qishloq xo‘jaligi hamda Qurilish va va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirliklari mazkur rejimning vakolatli organlari hisoblanadi.

Yangi mahsulot, xizmat va ishlarni maxsus huquqiy rejim doirasida realizatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilinganda, ular uchun litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar maxsus huquqiy rejimni qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvda ko‘rsatilgan muddatda talab etilmaydi.

Rejim quyidagi talablar asosida joriy etiladi:

  • loyihaning yangiligi, texnologiyalarga asoslanganligi hamda amaldagi mahsulot, xizmat va ishlarga nisbatan takomillashtirilganligi;
  • loyihani amalga oshirishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatning mavjud emasligi yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlar mavjudligi;
  • huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilishda texnik imkoniyatlarning mavjudligi;
  • rejimni joriy etish shaxsning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga hamda davlat mudofaasi va xavfsizligiga zarar yetkazish xavfi baholaganligi va bunday xavf-xatarlarni yuzaga keltirmasligi yoki ularni kamaytirish choralari ko‘rilganligi.

Maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat yoki ishlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha so‘rovnoma Yagona portal orqali qabul qilinadi.

So‘rovnomani ko‘rib chiqish muddati 30 kunni tashkil etib, bu muddat ichida vakolatli organ joyiga chiqqan holda o‘rganish o‘tkazadi.

O‘rganish davomida loyihaning tadqimoti bo‘lib o‘tkazilib, uning doirasida videoyozuv amalga oshirilishi mumkin. Ijobiy qaror qabul qilinganda tadbirkor bilan shartnoma tuziladi.

Maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilish muddati uzog‘i bilan 3 yil etib belgilanadi. Realizatsiya nazorat qilinadigan cheklangan muhitda amalga oshiriladi.

O‘tgan yilning noyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan 2023-yildan tadbirkorlarning yangi mahsulot va xizmatlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini maxsus tartibga soluvchi “Tartibga solish qumdoni” rejimi joriy etilishi belgilangandi.

Bir shartnoma summasi BHMning 3 500 barobari (1,19 mlrd so‘m) va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.