Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Qonun loyihasi 2010-yilda qabul qilingan amaldagi qonun o‘rnini bosishga mo‘ljallangan. Unda rieltorlik sohasidagi davlat siyosati, soha ishtirokchilarining vakolatlari va majburiyatlari batafsil qayd etilgan.

Davaktiv agentligi ko‘chmas mulk bozorining regulyatori sifatida belgilanmoqda. Agentlik rieltorlar tomonidan malaka sertifikatini olish talablarini belgilaydi, shuningdek, ko‘chmas mulk agentlari, rieltorlik tashkilotlari va ular birlashmalarining yagona davlat reyestrini yuritadi.

Loyiha rieltorlik xizmatlarining milliy standartlarini va Rieltorlarning kasbiy odob-axloq kodeksini joriy etishni nazarda tutadi. Standartlar, shuningdek, kompaniyalarning ishiga qo‘yiladigan talablarni, hujjatlarni rasmiylashtirish, ular sifati va tarkibini qamrab oladi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun rieltorlik tashkilotlari shtatida kamida ikkita malakali rieltorga, shu jumladan, rahbarga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, rieltorlarga YaTT yoki o‘z-o‘zini band qilgan shaxs maqomini bergan holda ko‘chmas mulk agentlari sifatida ishlashga ruxsat beriladi.

Ko‘chmas mulk agentlari bitimlarni rasmiylashtirishda ko‘chmas mulk bo‘yicha axborot va maslahat xizmatlarini hamda vositachilik xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, tashkilotlar savdo-sotiq qilishlari va ishonchli shaxslar sifatida ishtirok etishlariga ruxsat beriladi.

Ko‘chmas mulk egalari (jismoniy va yuridik shaxslar), agar qonun qabul qilinsa, faqat rieltorlik tashkilotlari orqali obyektlar to‘g‘risida reklama yoki e’lon joylashtirishlari mumkin bo‘ladi. Mazkur tartib internetdagi ma’lumotlarga ham amal qiladi.

Hozirda amalda bo‘lgani kabi, barcha rieltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk agentlari uchun professional uyushmalardan biriga a’zo bo‘lish majburiy hisoblanadi. Talablar fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash polisining mavjudligini ham o‘z ichiga oladi.

Qonun loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Muhokamalar 29-dekabrgacha davom etadi.

Avvalroq Savdo-sanoat palatasi hunarmandchilik faoliyatiga oid qonun loyihasini muhokamaga qo‘ygandi. Unda hunarmandning huquq va majburiyatlari, faoliyatni amalga oshirish xususiyatlari va faoliyat yo‘nalishlari keltirilgan.