Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ko‘p miqdordagi xorijiy valyutalarni noqonuniy ravishda Qirg‘izistonga o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Ola-buqa tumani bilan chegaradosh Yangiqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi chegara tomon harakatlanyotgan, Namanganda yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtomashina to‘xtatildi.

Avtomobil ko‘zdan kechirilganda, uning salonida 3 dona polietilen qoplarga joylashtirilgan jami 79,9 mln rubli ($909,4 ming) borligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur shaxs pullarni $300 evaziga chegaradan o‘tkazib berishi kerak bo‘lgan.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq $590 mingni O‘zbekistondan Qirg‘izistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan jinoiy guruhga sud hukmi o‘qilgandi.