Chet el valyutasini O‘zbekistondan Qirg‘izistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan jinoiy guruhga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Ular Toshkent shahri, Andijon va Namangan viloyatlaridagi savdogar va tadbirkorlarning ko‘p miqdordagi xorijiy valyutalarini aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonga o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan.

Xususan, Andijon shahrida yashovchi 2 nafar shaxs (1998 va 2002-yillarda tug‘ilgan) joriy yilning may oyida Toshkentda ko‘p miqdordagi chet el valyutalarini qabul qilib, ularni jinoiy sheriklariga yetkazish uchun Farg‘onaga yo‘l oladi.

Farg‘onaning Yozyovon tumani hududida ular mazkur xorijiy valyutalarni Qirg‘izistonga bojxona nazoratini chetlab, o‘tkazishi kerak bo‘lgan, Quvasoyda yashovchi (1999-yil) fuqaro bilan uchrashgan vaqtlarida DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Ular harakatlanib kelgan “Spark” avtomobili xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Salonda 4ta qora rangli polietilen paketlarga o‘ralib, skotch bilan mahkamlangan jami $590 945 borligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, jinoiy guruh yetakchisi bo‘lgan Quvasoy shahrida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan DXXning viloyat bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasining 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Natijada, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi tomonidan ushbu shaxslarning 2 nafariga nisbatan 5 yil, qolgan 2 nafariga esa 5 yil, 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida olingan $590 945 va “Spark” rusumli avtomashina davlat egaligiga o‘tkazildi.

Avvalroq “Xalq banki” xodimi 631 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgani haqida xabar berilgandi. Mazkur mablag‘ning barchasi onlayn qimor o‘yiniga tikib yuborilgan.

Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan shaxsga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.