“Xalq banki"ning Samarqand filiali xodimi 631 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirdi. Bu haqda “UzA” nashri xabar bermoqda.

Mazkur jinoyat 1987-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan “Xalq banki"ning Samarqand filialida chakana bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan Sh.Y. tomonidan amalga oshirilgan.

U o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda o‘zining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 mln so‘m kirim qilib, mazkur mablag‘ning barchasini onlayn qimor o‘yiniga tikib, yutqazib qo‘ygan.

Holat yuzasidan Sh.Y.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni Meksika orqali Amerikaga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh bo‘lgandi.