Avvalroq davlat rahbari raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yildagi vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

“Spot” unda ilgari surilgan mavzular, muammolar hamda takliflarni bir joyfa jamladi.


Texnik tartibga solish agentligi hukumatga o‘tkaziladi

Texnik tartibga solish agentligi to‘liq isloh qilinib, hukumat tarkibiga o‘tkazilishi belgilandi.

Sohadagi barcha huquqiy jarayonlarni talab darajasiga yetkazish uchun adliya vaziri Akbar Toshqulov mas’ul etib belgilandi. Ikki oyda sohani tartibga solmasa, lavozimidan ozod etilib, ushbu agentlikka rahbar etib tayinlanishi haqida ogohlantirildi.

Mutasaddilarga 2024-yilda eng ko‘p eksport bo‘ladigan Yevropadagi 10ta davlat bilan milliy sertifikatni ikki tomonlama tan olish bo‘yicha kelishuvga erishish, 1,7 mingta xalqaro standart va 19ta texnik reglamentni qabul qilish, 1,2 mingta korxonada xalqaro sifat tizimlarini joriy etish, sifati kafolatlangan mahsulotlar turini 4 mingtadan 7,5 mingtaga yetkazish topshirildi.

Joriy yilda “GSP+” tizimi orqali Yevropaga eksport qilinadigan tovarlar turini 700taga, hajmini $1,2 mlrdga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.


Ishini eplay olmagan elchi va savdo maslahatchilari jazolanadi

Ayrim elchi va savdo maslahatchilari yangi bozorlarni topish, ularga mahsulotlarni olib kirish haqida umuman bosh qotirmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. O‘tgan yili 13ta davlatga eksport kamaygan.

Oxirgi ikki yilda ayrim mamlakatlar tomonidan jami 18ta tarif va notarif to‘siqlar joriy qilindi. Shuningdek, ba’zi davlatlar tayyor trikotaj, mato, kabel, ipak uchun yuqori boj stavkalarini qo‘llayapti.

Shu sabab, barcha elchi va savdo maslahatchilari uchun alohida samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilanishi, ishini eplay olmagan va KPIni bajarmaganlari intizomiy jazoga tortilishi belgilandi.


Xorijdan qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash tizimi yaratiladi

Prezident investitsiya sohasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi. So‘nggi olti yilda sanoatga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 7 barobar oshdi.

Lekin, kompleks, tarmoq va hudud rahbarlarida har bir dollar investitsiya qancha ish o‘rni yaratgani, qo‘shilgan qiymat va eksport qanchaga oshgani borasida tahlil yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan.

Mutasaddilar sementdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga yana 22ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli ekani qayd etildi.

So‘nggi uch yilda chetdan $14,2 mlrdlik asbob-uskunalar olib kelindi. Lekin, shuncha texnologiya kiritilayotgani bilan hududlarning sanoat eksporti shunga mutanosib oshmagan.

“Shuncha mablag‘ hisobiga sanoat va eksport o‘smayapti-mi, demak yo loyiha „shishirilgan“, yo keraksiz uskuna olib kelingan, yoki bu texnologiyalarni ishlatishni biladigan mutaxassis yo‘q” — dedi davlat rahbari.

Bosh prokuraturaga chetdan karra-karra qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash va bunga chek qo‘yish bo‘yicha nazorat tizimini yaratish topshirildi.


Mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar joriy etiladi

Yig‘ilishda qator hudud va tarmoqlarda ishga tushirilgan korxonalar va uskunalar eksport natijasiga ta’sir ko‘rsatmaganiga aniq misollar keltirildi.

Loyihalar samaradorligi ustidan yetarli nazorat olib borilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda har bir vazir o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i va vazirlik xodimiga korxonalarda ish o‘rni yaratish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar joriy etilishi belgilandi.

Elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, charm, parranda, zargarlik, ipak, mebel tarmoqlarida ishlamayotgan korxonalar, bekor turgan uskunalarni to‘liq quvvatda ishlashiga ko‘maklashish muhim ekani ta’kidlandi.


18ta tuman va shahar hokimlarining lavozimga loyiqligi ko‘rib chiqiladi

O‘tgan yili 5 ta — baliqchilik, parrandachilik, zargarlik, asalarichilik, ipakchilik tarmoqlarida xorijiy investitsiyani jalb qilish ishlari eng sust darajada bo‘lgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xorijiy investitsiyalar hajmi 2023-yilda 1,6 barobar o‘sgan bo‘lsa-da, eng katta salohiyatga ega Samarqand va Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich imkoniyatga yarasha bo‘lmadi.

Shuningdek, 12ta tuman va shaharda o‘zlashtirilgan jami investitsiyalar o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. 6ta tuman va shaharda o‘zlashtirilgan investitsiya $10 mlnga ham yetmagan.

Masalan, Shofirkon, Yangiobod, Nurobod, Paxtachi, Furqat va Xiva tumani hokimlariga konsalting kompaniyalar tomonidan $800 mlnlik 241ta tayyor investitsiya loyiha takliflari ishlab berilgan bo‘lsa-da, hokimlar tayyor loyihalarga ham investor topmagan.

Bosh vazirga ushbu kamchiliklar qayd etilgan 18ta tuman va shahar hokimlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.


O‘tgan yilgi qoloqliklar asosida yangilangan investitsiya dasturi ishlab chiqiladi

Ayrim rahbarlarning xorijiy davlatlarga borib, investitsiya jalb qilish bo‘yicha ishlari kutilgan natijasini bermayotgani qayd etildi.

Farg‘ona viloyati hokimi 2022-yilda Yaponiya va Germaniyaga, 2023-yilda Koreya va Xitoyga borib $1,8 mlrdlik 42 ta loyiha bo‘yicha kelishuvga erishgan. Lekin, bir yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, $1,5 mlrdlik 39ta loyiha bo‘yicha hali ish boshlanmagan.

Shu kabi, Sirdaryo viloyati hokimi oxirgi 2 yilda Koreya va Xitoyga borib, bor yo‘g‘i $180 mlnlik 17ta loyiha bo‘yicha shartnoma qilgan. Shundan hozirda 6 ta loyihadagi ishlar to‘xtab qolgan.

Tashriflarda hokimlar milliard-milliard dollarlik loyiha takliflarini xorijiy hamkorlar bilan ishlab chiqib, ularni dasturga kiritgan bo‘lishiga qaramay, loyihani yurgizish masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Shu bois, bu loyihalar bilan Investitsiya vazirligining o‘zi shug‘ullanishi belgilandi.

Investitsiya vaziriga tarmoq rahbarlari bilan birga 41ta loyiha bo‘yicha barcha hisob-kitoblarni qilib, loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqib, xorijiy investorlar va moliya institutlariga taqdimot qilish va amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi ham faqat forumlar o‘tkazish bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi. Agentlikning tumanlar kesimida investitsion xaritasi ham yo‘q.

Agentlik rahbari Murat Mirzayevni egallab turgan lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berildi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga har bir hudud va tarmoqdagi o‘tgan yilgi qoloqliklarni hisobga olgan holda yangilangan investitsiya dasturini kiritish topshirildi.

Investitsiya vazirining 3 ta o‘rinbosari xorijiy investitsiya ko‘p talab qiladigan tarmoqlarga, sog‘liqni saqlash va transport sohalariga investitsiya jalb qilish uchun mas’ul etib biriktirildi.

Yig‘ilishda kompleks rahbariyati, tarmoq va hududlar rahbarlari 38 mlrdlik, bunga qo‘shimcha Energetika vazirligi $15 mlrd investitsiya jalb qilish bo‘yicha rejalarini bayon qildi.


Xalqaro moliya institutlari bilan ishlash tizimi tubdan o‘zgartiriladi

Xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmagani va tender o‘tkazilmaganligi uchun mablag‘lar ishlatilmay qolmoqda.

Davlat kafolati ostida mablag‘ jalb qilingan ayrim loyihalarda kechikish, qo‘shib yozish va mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari ham bor. Mutasaddilarga xalqaro moliya institutlari bilan ishlash tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Bunda loyihalar tanlashdan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi, texnik-iqtisodiy asoslar moliya institutlari standartlari bilan uyg‘unlashtiriladi, tender jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi va takliflarni baholash muddati 1 oydan oshirilmaydi, moliya institutlari bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Shuningdek, xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijdagi tashkilotlardan grantlar jalb qilishni faollashtirish, shu jumladan elchilarning bu boradagi faolligi va mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.


Maxsus iqtisodiy hududlardagi yerlar to‘liq o‘zlashtirilmaguncha kengaytirish bo‘yicha chiqish taqiqlanadi

Prezident sanoatda ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalariga to‘xtaldi. O‘tgan yili ayrim korxonalarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etildi.

Nukus, Jizzax, Bekobod shaharlari, Sharof Rashidov, Dehqonobod, Uchqo‘rg‘on, Urganch tumanlarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda o‘sish bo‘lmagani munosabati bilan Bosh vazirga ushbu 7 ta hudud hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Hududiy sanoatni rivojlantirish uchun 24 ta maxsus iqtisodiy hudud tashkil qilingan. Ularga soddalashgan tartibda yer ajratiladi, soliqdan imtiyozlar bor. Lekin ayrim hudud rahbarlari buni suiste’mol qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, mamlakat bo‘yicha infratuzilmasi bor 800 gektar maxsus iqtisodiy hududlarning yeri bo‘sh bo‘la turib, hokimlar ularning hududini kengaytirish bo‘yicha murojaat qilmoqda.

Endilikda hokimlar maxsus iqtisodiy hududlardagi barcha yerlarni to‘liq o‘zlashtirmay turib, uni maydonlarini kengaytirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi man etiladi.


Uchta hududdagi sanoat zonalari xorij kompaniyalariga autsorsing asosida boshqaruvga beriladi

Sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlash holati tahlil qilindi. O‘tgan yili bunga budjetdan ajratilgan mablag‘ning 30%dan ziyodi infratuzilmaga mas’ul korxonalar, ayniqsa, hududiy elektr tarmoqlari loyihalar bo‘yicha ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagani hamda moliyalashtirishdagi kechikishlar oqibatida ishlatilmay qolgan.

Davlat rahbari hududlardagi shu kabi kamchiliklarni aniq misollar bilan ko‘rsatib, infratuzilma uchun mas’ul mutasaddilar va hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini qattiq ogohlantirdi.

Umuman, sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tajriba amalga oshirilishi belgilandi. Xususan, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatidagi maxsus sanoat zonalarining 240 gektar maydoni xorijiy kompaniyalarga autsorsing asosida boshqaruvga beriladi.

Joriy yilda maxsus iqtisodiy hududlarda 309 ta yirik loyihalarni ishga tushirib, 40 mingta ish joyi yaratish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligi qayd etildi.


25 turdagi oziq-ovqatni mamlakatda ishlab chiqarish boshlanadi

Yig‘ilishda o‘tgan yili xomashyo, material va tayyor mahsulotlarning tashqi savdo dinamikasi tahlil qilindi.

Mavjud resurslar, ayniqsa, oziq-ovqat sanoatidagi imkoniyatlarimizni ishga solib, ichki bozorni to‘ldirish uchun salohiyat yuqoriligiga qaramay, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi o‘tgan yili Surxondaryoda 16 foiz, Andijonda 21 foiz, Jizzaxda 3 foizga kamaygani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy va Samarqandda ishlab chiqarilgan makaron mahsulotlari hajmi hududiy ehtiyojni yarmini ham qoplamaydi.

Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda 25 turdagi oziq-ovqatni mamlakatda ishlab chiqarishni boshlash topshirildi. Bu korxonalarda xalqaro standartlar joriy etiladi, ularga xorijdan malakali texnolog va marketologlar jalb qilinadi.

Shuningdek, mas’ullarga xorijiy brendlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.

Vazirlar Mahkamasi oldiga hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasi qo‘yildi.


Charm sanoatida $2 mlrdlik loyiha paketi shakllantiriladi

Charm sanoatida ham mahalliylashtirishni ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rsatib berildi. Tarmoq mas’ullariga hududlarda kamida $2 mlrdlik loyiha paketini shakllantirish, avtomobillar uchun o‘rindiq jildlari, sun’iy charmdan sport jihozlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish toshirildi.

Chorvachilik klasterida teridan to‘liq tayyor mahsulot chiqaradigan korxonalarni ishga tushirish zarurligi qayd etildi. Mahalliylashtirishda faqat tovarlar emas, xizmatlar bo‘yicha ham katta imkoniyatlar bor.

Masalan, oxirgi besh yilda 9 ta energetika, neft-gaz va metallurgiya loyihalari ishga tushdi. Kelgusi yillarda “Mustaqillik — 25” loyihasi, 30 ga yaqin mobil kompressor stansiyalari va 6 ta bug‘-gaz qurilmalarini foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Bu kabi obyektlardagi yuqori texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha malakali xizmatlarga talab yildan-yilga ortib bormoqda. Kimyo, metallurgiya korxonalari, yirik nasos stansiyalari va GESlarda ham bunday xizmatlarga talab yuqori.

Shuni inobatga olib, Vazirlar Mahkamasi va tarmoq rahbarlariga birgalikda yirik korxonalarga servis ko‘rsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish dasturini boshlash topshirildi. Dasturda kadrlarni o‘qitish, servisga litsenziya olish, butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha aniq tadbirlarni belgilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.