“YouTube” yuzga yaqin xodimini qisqartiradi va faoliyatini qisman qayta qurishni amalga oshiradi. Bu haqda “3D News” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu platformaning 7200 ga yaqin xodimlarining 1,4%ini tashkil qiladi.

Qisqartirish, birinchi navbatda, mualliflar bilan aloqalar bo‘limi xodimlariga ta’sir qiladi, ular endi hududlarga emas, balki mamlakatlarga tayinlanadi.

“YouTube” barcha musiqa bo‘limlarini birlashtiradi, ular “Google” va “YouTube” musiqa rahbari Lyor Koenga hisobot beradi va sport, media, kino va televideniya bo‘limlarini yagona global birlikda birlashtiradi.

“Bizning biznesimiz o‘sib ulg‘aygani sari, biz o‘z qarashlarimiz samarali bo‘lishini va barcha foydalanuvchilarimiz ehtiyojlarini qondirishimizni ta’minlashga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Biz ba’zi lavozimlarni qisqartirishga va ba’zi o‘rtoqlarimiz bilan xayrlashishga qaror qildik”, — deyiladi “YouTube” biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Ellen Kou tomonidan xodimlarga yuborilgan ichki eslatmada.

O‘tgan haftada “Google” mingdan ortiq xodimlarini, jumladan muhandislar, “Google Assistant” dasturchilari va kengaytirilgan reallik tizimlarini yaratuvchilarni ishdan bo‘shatdi.

Kompaniyaning bosh ijrochi direktori Sundar Pichai joriy yil uchun qisqartirishlar hali tugallanmagani haqida ogohlantirdi.


Avvalroq “Spot” “Ford” kompaniyasi 1400dan ortiq xodimlarini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, ishdan bo‘shatish elektromobillarga talabning pasayishi fonida sodir bo‘lmoqda.