“Ford” kompaniyasi F-150 Lightning elektr pikaplarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarni ishdan bo‘shatish niyatida, deb yozadi “Bloomberg” nashri.

1-apreldan boshlab “Ford” pikap yuk mashinalari ishlab chiqaradigan “Rouge” elektromobil markazidagi smenalar sonini bittaga qisqartiradi.

Bu jarayon 1400 ga yaqin xodimlarga ta’sir qiladi, deyiladi xabarda. “Bloomberg"ning qayd etishicha, bu elektromobillarga talabning susayishi fonida sodir bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, “Ford” Michigandagi yig‘ish zavodida “Bronco” va “Bronco Raptor SUV”, shuningdek, “Ranger” va “Ranger Raptor” pikaplarini yaratish uchun 1600 kishini ishga olishini aytdi.

Bunga erishish uchun kompaniya 900 ga yaqin yangi xodimlarni yollashni va “Rouge” majmuasidan 700 nafar ishchini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Shu bilan birga, kompaniya boshqa xodimlar “Ford-UAW 2023” shartnomasida kelishilgan maxsus pensiya rag‘batlantirish dasturidan foydalanishlari mumkinligini ta’kidladi.

“Ford” mijozlar talabini qondirish uchun ishlab chiqarishni muvozanatlashtirayotganini aytdi

Shu bilan birga, “Ford” bosh direktori Jim Farli kompaniya hali ham elektromobillar uchun, aniq mijozlar" uchun yorqin kelajakni ko‘rayotganini aytdi, deb yozadi “Bloomberg”.

Bundan tashqari, kompaniya 2024 yilda global elektr transport vositalari savdosi o‘sishda davom etishini kutmoqda, ammo bu kutilganidan kamroq bo‘ladi.