Avvalroq davlat rahbari raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda qurilishda loyihalashtirishni tartibga solish maqsadida Qurilish vazirligida Loyiha ofisi tuzilishi belgilandi.
Ofis qiymati 10 mlrd so‘mdan yuqori loyihalarni ishlab chiqish jarayonida ularning xavfsizlik va energiya tejamkorlikka javob berishini, qiymati sun’iy oshib ketmaganini loyihachilar bilan birga baholab boradi.
har yili maktab, bog‘cha, tibbiyot, yo‘l, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti kabi sohalarning har birida kamida 2−3 tadan namunaviy loyihalar ishlab chiqadi.
Bundan buyon, Loyiha ofisining tavsiyasi bo‘lmagan loyiha hujjatlari davlat ekspertizasiga qabul qilinmaydi. Mutasaddilarga eskirgan 105ta qurilish normalarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ishlab chiqish topshirildi.
Bosh prokuraturaga qurilish materiallari sohasida qazib olishdan tortib, tayyor mahsulotni iste’molchiga yetkazishgacha barcha jarayonlarda yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Budjet hisobidan qilinadigan barcha xaridlar Soliq qo‘mitasining “E-ombor” platformasi orqali amalga oshiriladigan tartibni joriy qilish, qurilish materiallari klassifikatori elektron platformasini ishga tushirish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarda qurilishni boshlashgacha bo‘lgan jarayon o‘zi uzoq vaqt olayotgani qayd etildi.
Xususan, texnik-iqtisodiy asos (TIA) ishlab chiqishga o‘rtacha bir yil sarflansa, uni xalqaro tashkilotlar talabiga moslashtirish va kelishishga besh-olti oy ketmoqda.
TIAsi ishlab chiqilmagan, aniq hisob-kitobi yo‘q loyihalarga tashqi qarz jalb qilish hanuzgacha davom etmoqda. Loyiha hujjatlari va tender shartlari puxta ishlab chiqilmasligi oqibatida pudratchilarni aniqlash jarayonlari ham cho‘zilmoqda.
Bundan buyon TIAsi tasdiqlanmagan birorta loyihaga qarz jalb qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Ishlab chiqilgan TIAni kompleks ekspertiza qiladigan tizim yo‘qligi tanqid qilindi. Endilikda loyihalar TIAsi ham majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Umuman, har bir loyiha va mablag‘lar natijadorligi uchun vazirlar shaxsan javobgar ekani belgilandi.