12-fevral kuni prezident raisligida agrar sohadagi vazifalar va rejalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgandi.

Unda joriy yilgi paxta va g‘alla hosili uchun budjetdan 10 trln so‘mdan ortiq imtiyozli resurs ajratilgani qayd etildi.

Klaster, fermer va dehqonlar imtiyozli kredit olishini osonlashtirish maqsadida ochiq-oshkora platforma ishga tushdi.

Lekin 2024-yil paxtasini sotish bo‘yicha fyuchers shartnomasi tuzgan fermerlarning ma’lum qismi kreditlarni haligacha olmagani ta’kidlandi.

Bunga ayrim banklar “resurs yo‘q, garov ta’minoti kerak”, degan bahonalar bilan tayyor mablag‘ni bermayotgani sababligi qayd etildi.

Shuningdek, sohada hisob-kitob intizomida ham kamchiliklar borligi aytildi. Masalan, klasterlarning fermerlar oldidagi qarzdorligi hali to‘liq to‘lanmagan.

Yangi tizimga ko‘ra, oldingi qarzini 1-aprelgacha yopmagan klaster bilan fyuchers shartnomasi bekor qilinadi va fermerga paxtani birjada sotishga ruxsat beriladi.

Ma’lumotni elektron platformaga to‘liq kiritgan va fyuchers shartnoma imzolagan fermerga kredit ko‘pi bilan uch kun ichida ajratilishi shartligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda 75ta yirik kanalni betonlashga budjetdan 680 mlrd so‘m ajratilgani qayd etildi. Asosiy maqsad eng ko‘p suv yo‘qotiladigan kanallarni sug‘orish davri boshlanishigacha betonlashdan iborat.

Lekin, Qashqadaryodagi loyihasi tayyor 9ta kanalni beton qoplamaga o‘tkazish ishlari bor-yo‘g‘i 34%ga bajarilgan. Sirdaryodagi 3ta kanalda betonlash bo‘yicha bajarilgan ishlar 10%ga ham yetmaydi.

Prezident hamma kuchni to‘liq safarbar qilib, vegetatsiya davri boshlanguncha betonlash ishlarini yakunlash, kanallar atrofida daraxt ekish zarurligini ta’kidladi.

Suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suvni tejab ishlatish Suv xo‘jaligi vazirligining eng asosiy vazifasi ekani qayd etildi.

Prezident bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urug‘lik chigitni olib kelish bo‘yicha topshiriq bergandi.