G‘allachilikda imtiyozli kreditni to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerga berish tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident raisligida agrar sohadagi vazifalar va rejalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

O‘tgan yili sohada ishlab chiqarish 4,1%ga o‘sib, 426 trln so‘mni tashkil qildi. Eksport qariyb $2 mlrdga yetdi. 152 ming gektar bog‘ va tokzorlar barpo qilindi. Birinchi marotaba 3,7 mln tonna paxta, 8 mln tonna g‘alla hosili olindi.

Yer va suv resurslari cheklangan sharoitda qishloq xo‘jaligi mas’ullari joriy yilda mutlaqo yangicha ishlashi zarurligi qayd etildi.

Lekin, tannarxni kamaytirish, yuqori hosil beradigan urug‘ va ko‘chatlarni yetkazib berish, sanoat muhitini olib kirish bo‘yicha ayrim mutasaddilar va hokimlar yetarlicha ishlamayotgani tanqid qilindi.

Joriy yilda tumanlarga hosildor urug‘larni yetkazib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitib, paxta va g‘allada hosildorlikni yanada oshirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, o‘g‘it tannarxni 15%ga kamaytirib, qishloq xo‘jaligini 900 ming tonna mineral o‘g‘it bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Bu yildan ilk bor chetdan olib kelingan chigitni ekishga ruxsat berildi. Lekin, shu paytgacha Paxtachilik kengashi, Karantin agentligi, viloyat hokimlari bir to‘xtamga kelib, qayerdan, qanday navli urug‘ olib kelib, qayerga ekishni hal qilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Shundan kelib chiqib, bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urug‘lik chigitni olib kelish topshirildi. Joriy yilda 100 ming gektarda yuqori hosildor xorijiy paxta navlarini ekish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda o‘tgan yili g‘alla hosili ilk bor 8 mln tonnaga yetgani qayd etildi. Fermerlar manfaatdorligini oshirish uchun bu yil g‘allachilikda ham yangiliklar qilinishi ta’kidlandi.

Xususan, paxtadagi kabi g‘allada ham imtiyozli kreditni to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerga berish tizimi joriy qilinadi.

Bundan tashqari, davlat resursi uchun xarid qilingan bug‘doyni daladan tashib kelish va saqlash xarajati 2024 yilda ham to‘liq budjetdan qoplanadi.

2023-yilning dekabrida prezident paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish bo‘yicha qarorni imzolagandi.