18-fevral kuni Turkmanistondan 21,6 mln kVt/soat elektr energiyasi import qilindi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.

Shu kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 231,4 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 40,3 mln kubometr tabiiy gaz, 26,3 ming tonna ko‘mir hamda 10,7 ming tonna mazut yoqildi.

Shunga qaramay, elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha defitsit 6,4 mln kVt/soatni tashkil etgan. Mamlakat bo‘ylab kunning tig‘iz vaqtida 400 MVtgacha cheklovlar kiritishga to‘g‘ri kelgan.

Bir kunda iste’molchilarga 225,6 mln kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz iste’moli 151,6 mln kubometrni tashkil qildi.

17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol tufayli 110 kV kuchlanishga ega “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi holati yuz bergandi.

Natijada, “Gazli” kompressor stansiyasidagi 8ta hamda “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga qarashli “Uchqir” kompressor stansiyasidagi 2ta gaz haydash agregati favqulodda to‘xtagan. Tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemadagidan qisqarib, magistral gaz quvurlarida bosim nisbatan pasaygan.

Gaz bosimi kamayishi sabab, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida barcha metan “zapravka"lar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgandi. Cheklov 19-fevral kuni ham davom etadi.

Hozirgi vaqtda 110 kVli “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Gaz haydash agregatlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish ustida ishlanmoqda.

18-fevral kuni mamlakatdagi 133ta metan “zaprav"ka orqali ijtimoiy soha obyektlariga tegishli avtomobillarga 700 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.

“O‘zbekneftgaz” tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga yetkazib berilgan benzin hajmi 1 126 tonnani tashkil etdi.

2022-yilning dekabrida Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi importining kunlik hajmi 17−18 mln kVt-soatdan 20−21 mln kVt-soatga oshirilgandi.

Avvalroq Energetika vazirligi ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatilishini ma’lum qilgandi.