Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 11,5 trln so‘m kredit yo‘naltirilishi belgilandi.

Bu mablag‘larni samarali ishlatish uchun har bir tuman va shaharni kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.

Xitoy tajribasi asosida “uy sanoati” rivojlantiriladi. Masalan, Bog‘ot, Yangiariq, Yangibozor, Qo‘shko‘pir va Urganch tumanlarida jun va pillani qayta ishlash salohiyati katta. Hazorasp, Xiva, Tuproqqal’a va Xonqada qo‘l mehnati asosida gilam to‘qish ommalashgan.

Bu tumanlarda ipakchilik va gilamchilik kooperatsiyalari tashkil qilinib, kamida 10 mingta oila o‘qitiladi. Ularga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. Bu tarmoqqa viloyat bo‘yicha joriy yilda qo‘shimcha 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, joriy yilda Xorazm viloyatiga $280 mln investitsiya olib kelib, ip-kalavani qayta ishlashni 60%ga yetkazish muhimligi qayd etildi.

$10 mlndan ko‘p eksport qilgan to‘qimachilik korxonalariga aylanma uchun 5 mlngacha kredit beriladi. Ularga chet eldan malakali mutaxassislar olib kelinib, dizaynerlik va marketingga o‘qitiladi, xorijda savdo uylari ochilib, viloyatdagi to‘qimachilik korxonalariga beriladi.

Urganch shahridagi Maxsus tibbiyot industrial parkiga $50 mlnlik 12ta loyiha joylashtiriladi. Yil yakunida farmatsevtika korxonalari sonini 26taga, mahsulot turini 50taga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.

Viloyatga $1,5 mlrd sarmoya, shundan $1 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish, $600 mln eksportni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq mamlakat sanoat zonalarida infratuzilmani yaxshilashga 1,5 trln so‘m ajratilishi ma’lum qilingandi. Prezident korxonalarga taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari muddatini uzaytirish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.