Toshkent shahrida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.

So‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar soni ikki baravarga — 205 minggacha oshdi. 2023-yilda 279 mingdan ortiq tadbirkorlik loyihalariga 13 trln so‘mdan ziyod kredit, qariyb 57 ming nafar xotin-qizga salkam 300 mlrd so‘m subsidiya ajratildi.

200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilib, 400 mingdan ortig‘i ish bilan ta’minlandi. Xotin-qizlarga 6 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilib, 25 mingdan ziyod oilalar uyli bo‘ldi. 6 200 nafar ayolga 200 mlrd so‘m subsidiya ajratildi. “Ayollar daftari” bo‘yicha 1,23 trln so‘m hisobidan qariyb 994 ming nafar xotin-qizning muammosi hal etildi.

Oliygohlarda ta’lim olayotgan 1,3 mln nafarga yaqin talabaning yarmidan ko‘pini, ya’ni, 653 ming nafardan ziyodini qizlar tashkil etadi. Magistraturada o‘qiyotganlar orasida qizlarning ulushi salkam 14 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu jami magistrantlarning qariyb 60%ini tashkil etadi.

Joriy o‘quv yilida ehtiyojmand 1 914 nafar xotin-qiz oliygohlarga qo‘shimcha davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilindi. 181 500 nafardan ortiq qizlar uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 2 mingdan ziyod talabaning 14,5 mlrd so‘m kontrakt puli mahalliy budjetlar hisobidan qoplab berildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta’lim olgan yoshlarning 47%ini qizlar tashkil etgan.

Senat raisi boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha yangi yondashuv va tizim asosida tashkil qilinadi.

Mazkur komissiya 2025-yilning 8-martigacha har bir hududda “favqulodda holat” rejimida ishlaydi. Unda “Xalq banki” xotin-qizlarning biznes g‘oyalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Savdo-sanoat palatasi, “Biznesni rivojlantirish banki” va “Mikrokreditbank"da ayollar tadbirkorligiga ko‘maklashuvchi alohida rais o‘rinbosarlari ish boshlaydi. Ular har bir viloyat, tuman va mahallada yangi biznes g‘oyalariga ega xotin-qizlarni aniqlash, loyihalarini sifatli ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘mak beradi.

Viloyat, tuman, shahar hokimlari, hokimliklarning xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda faol ayollar komissiya bilan birgalikda 2024-yilda 9 442ta mahalladagi 580 mingga yaqin ishsiz ayollarning bandligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Mahallalarda oilaviy tadbirkorlik kreditlarining kamida 40%i ayollar taklif etgan loyihalarga yo‘naltiriladi. Har bir hududda xotin-qizlar uchun hunarmandchilik, tadbirkorlik markazlari va klasterlari tashkil etilib, ularda 205 ming nafar xotin-qizlar talab yuqori kasblarga tayyorlanadi hamda tadbirkorlik asoslariga o‘rgatiladi.

Shuningdek, “Yoshlar daftari"ga kiritilgan 8 ming nafar xotin-qizga o‘z biznesini boshlashi va mehnat qurollarini xarid qilishi uchun subsidiya, 10 ming nafariga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

50 ming nafar yosh ayollar uchun malakali mutaxassislar ishtirokida “Biznes marafon” loyihasi tashkil etiladi. Loyiha doirasida qobiliyatli qizlarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga amaliy yordam beriladi.

Bir oy muddatda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, loyihalarni amalga oshirish uchun 15 trln so‘m, jumladan, oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 6 trln so‘m ajratiladi.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniyadan $100 mln grant jalb qilinadi.

Jahon banki e’lon qilgan indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5ta mamlakat qatorida qayd etildi. Joriy yilda mamlakatda Osiyo xotin-qizlar forumi o‘tkaziladi.

Avvalroq prezident bir qator xotin-qizlarni mukofotlagandi. Ular orasida davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan xotin-qizlar ham bor.