Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi 2022-yilda 77,1 punktga yetdi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Bu esa dunyo bo‘ylab o‘rtacha hisobda ayollar erkaklarga tegishli qonuniy huquqlarning atigi 77%iga ega ekanligini anglatadi. Oldingi hisobotga nisbatan o‘sish 0,5 punktgacha ko‘tarilib, yigirma yil ichida eng past darajaga tushdi.

Ayollarning huquqiy maqomini yaxshilashga qaratilgan islohotlar 190ta mamlakatdan atigi 18tasida amalga oshirilgan. O‘zbekiston bu yo‘nalishdagi eng faol davlatlardan biriga aylangani qayd etildi.

2022-yilning oktabridan 2023-yilning oktabrigacha mamlakat hokimiyat organlari tomonidan bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Xususan, yangi Mehnat kodeksi ayollarga erkaklar bilan bir xil qiymatdagi mehnat uchun teng haq to‘lash kafolatlarini o‘z ichiga oladi. Ayrim sohalarda esa ayollar mehnatidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qiladi.

Jahon banki, mamlakatda oilaviy zo‘ravonlik, jumladan, jismoniy, ruhiy va iqtisodiy ko‘rinishlar jinoyat sifatida belgilanishini qayd etdi. 2023-yilning aprelida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Islohotlar O‘zbekistonga ish haqi va nikoh ko‘rsatkichlari bo‘yicha reytingdagi o‘rnini yaxshilash imkonini berdi. Bu esa mamlakatning “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 11,9 punktga ko‘tarilib, 100 balldan 82,5 ballni tashkil etdi.

Umumiy reytingda O‘zbekiston 85-o‘ringa ko‘tarilib, Singapur, Turkiya va BAA bilan bir xil ball to‘pladi, Markaziy Osiyoda esa eng yaxshi natijalarni qayd etdi. Iordaniya, Malayziya, Syerra-Leone va Togo bilan birgalikda gender tengligi bo‘yicha katta yutuqlarga erishgan 5ta davlatdan biriga aylandi.

O‘zbekistondan tashqari, Ozarbayjon, Iordaniya, Malayziya, Ummon va Syerra-Leoneda ham ish joylarida tenglikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi.

Avvalroq O‘zbekistonda ayollarga avtobus va yuk avtomobillarini haydashga ruxsat berilgani haqida ma’lum qilingandi.