Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘lib, sohadagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda sohada 7ta yangi axborot tizimi joriy qilinib, 40ta yo‘nalish raqamlashtirildi. Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining $20 mlnga yaqin grant mablag‘lari jalb etilib, laboratoriya va uskunalar yangilandi.

Prezidentga “Agroko‘makchi” mobil ilovasi taqdim etilfi. Ilova orqali o‘simliklar himoyasi, sohadagi xizmatlar, ma’lumotlar, eksport bo‘yicha maslahatlar bilan tanishish mumkin.

Shuningdek, “Asiaexport.se” platformasi mamlakatdagi eksportchilar bilan chet eldagi xaridorlarni o‘zaro bog‘laydi. Unda meva-sabzavotlar va quritilgan mevalar, sharbatlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qandolatchilik, to‘qimachilik, charmdo‘zlik va farmatsevtika mahsulotlari kabi tovarlar haqida ma’lumotlar joylashtiriladi.

Xalqaro “ePhyto solution” innovatsion tizimi orqali 119ta mamlakat bilan fitosanitar sertifikatlar elektron shaklda almashilmoqda. Joriy yilda yana 8ta davlatga 25 turdagi mahsulot bo‘yicha fitosanitar ruxsatnoma olinadi.

Bundan tashqari, prezident meva-sabzavotlarni qadoqlash masalasiga to‘xtalib, qadoqlar xalqaro standartlarga mos, zamonaviy dizaynda, sanoatlashgan tarzda bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Mahsulotlar yaroqsiz bo‘lib qolmasligi, eksportga sifatsiz mahsulot qo‘shilib ketmasligi uchun tizimli ishlash muhimligi aytildi.

Hukumatga klaster tizimini takomillashtirish va eksportni rejali tashkil etish uchun 3 yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali eksport hajmlarini nisbatan qimmat bozorlarga yo‘naltirish muhimligi aytildi.

Davlat rahbari agentlik laboratoriyasi bilan tanishdi. Laboratoriyaning ilmiy salohiyatini oshirish, xorijiy ilmiy yutuqlarni o‘zlashtirib, tezkor tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Agrokimyo tizimida qo‘llanayotgan texnika va uskunalar namoyish qilindi. Xorijdan entomofaglar olib kelinib, zararkunanda hasharotlarga qarshi yangi turda kurash yo‘lga qo‘yilgan.

Ekspertlar jalb etilib, har bir mahsulotni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazib berish bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqilgan. 10ta ko‘chma laboratoriya tashkil etilgan.

Prezident tizimdagi mutaxassislar malakasini oshirish, har bir fermer va tomorqa egalariga yetib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq davlat rahbari pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlarni raqamlashtirishni topshirgandi. Yanvar oyida meva-sabzavotchilikka doir vazifalarni ko‘rsatib o‘tgandi.