2-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavotchilik va oziq-ovqat tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

2023-yilda mamlakatda qishloq xo‘jaligi 4,1%ga o‘sdi. Bu sohadagi eksport qariyb $2 mlrdni tashkil etgan. Lekin mavjud salohiyat bundan ancha yuqori, ekanligi qayd etildi.

Shu bois davlat rahbari 18-yanvar kuni eksport va sanoat masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotchilikka doir vazifalarni ham ko‘rsatib o‘tgandi. Xususan, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga yangi salohiyatli bozorlar topish, eksportbop mahsulotlar ekilishini tashkillashtirish bo‘yicha mas’uliyat belgilandi.

Agentlik tomonidan o‘simliklarni zararli unsurlardan himoya qilish, fitosanitar toza mahsulotlar yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda.

Hududlardagi statsionar va mobil laboratoriyalar orqali 1,04 mln gektar yerning tuproq tahlili o‘tkazilib, mineral o‘g‘itlarni qo‘llash me’yori ilmiy asosda belgilab berildi. Sohada 7ta yangi axborot tizimi joriy qilinib, 40ta yo‘nalish raqamlashtirildi.

Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining $20 mlnga yaqin grant mablag‘lari jalb etilib, laboratoriya va uskunalar yangilandi. Dala va bog‘larga kimyoviy ishlov berish, import va eksport mahsulotlarini ekspertizadan o‘tkazish izchil davom ettirilmoqda.

So‘nggi yillarda 8 ta davlatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun 620ta fitosanitar ruxsatlar olindi, ular bilan elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. “GSP+” tizimi doirasida 200 ming gektar maydon xalqaro talablarga moslashtirildi.

Yig‘ilishda joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Mutasaddilar sohadagi ishlar ko‘lamini kengaytirib, bu yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini $3,5 mlrdga yetkazish mumkinligini aytdi.

Buning uchun, meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va dukkakli mahsulotlar yetishtirish ko‘paytiriladi. Hududlarda yana 20ta mobil laboratoriya tashkil etilib, “uzagrolab.uz” elektron platformasiga integratsiya qilinadi.

Pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlar raqamlashtirilib, sifatsiz pestitsidlarning mamlakatga olib kelinishi va noqonuniy savdosiga barham beriladi.

6 mingta bog‘, 3 mingdan ziyod tokzor va dala maydonlari, 344ta qadoqlash korxonasi xorijiy fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiriladi. Yuqori samarali entomofaglar olib kelinib, zararkunanda hasharotlarga qarshi yangi turdagi biologik kurash yo‘lga qo‘yiladi.

Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali eksport hajmlari nisbatan qimmat bozorlarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, yana 8ta davlatga fitosanitar ruxsat olinadi.

Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmalarda eksportchi korxonalar ishtiroki kengaytirilib, aniq buyurtmalar shakllantiriladi.

Farg‘ona, Samarqand va Toshkent xalqaro aeroportlari hududida meva-sabzavot mahsulotlarni eksport qilishga qaratilgan infratuzilmalar tashkil etiladi.

Xorij tajribasi asosida o‘simliklar himoyasi xodimlarining malakasi oshiriladi. Xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda har bir mahsulotni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazib berish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqiladi.

Davlat rahbari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksportbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Avvalroq Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etilishi ma’lum qilingandi.