Avvalroq Toshkentda tadbirkorlarning reklama shtenderlari demontaj qilinib, olib ketilgani haqida xabar berilgandi.
Biznes-ombudsman matbuot xizmati ushbu holat bo‘yicha izoh berdi.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, Yakkasaroy tumanidagi Ch.Z. MCHJ va boshqa tadbirkorlarga tegishli reklama shitlari tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan asossiz ravishda olib qo‘yilgani aniqlandi.
Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng reklama konstruksiyalari egalariga qaytarildi. Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan boshqarmaning ikki nafar xodimi ma‘muriy javobgarlikka tortildi.
Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga majburiy va qat‘iy rioya etilishi lozimligini eslatib o‘tdi. Mansabdor shaxslarning vakolat doirasidan chetga chiqib qilgan harakatlari ma‘muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. “Shu munosabat bilan, barcha mas‘ul xodimlardan o‘z xizmat vazifalarini bajarishda qonun ustuvorligi va mulk daxlsizligi tamoyillariga so‘zsiz amal qilishlari so‘raladi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, tadbirkorlar o‘z faoliyatini, jumladan, tashqi reklamani joylashtirishda amaldagi qoida va tartiblarga rioya qilishga chaqirildi.
Nima bo‘lgan edi?
O‘tgan hafta TESTO hammuassisi Nargiza Ulug‘ova Spot bilan suhbatda Shota Rustaveli ko‘chasidagi muassasadan Uzum Tezkor va Yandex Go servislarining shtenderlari, shuningdek, muassasaning o‘ziga tegishli bo‘rli taxtasi olib ketilganini aytib berdi. Vaholanki, agregatorlar tomonidan berilgan konstruksiyalar uchun muassasaning o‘zi javobgar hisoblanadi.
U reklama konstruksiyalarini olib tashlash zarurligi haqida hech qanday ogohlantirish olmaganini ta‘kidladi. Bundan tashqari, unga shtenderlarning aynan qayerga olib ketilgani va ularni qanday qaytarib olish mumkinligi ham aytilmagan.
Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmatining Spot‘ga ma‘lum qilishicha, avvalroq tadbirkorlarga turli reklama konstruksiyalarini olib tashlash zarurligi haqida bir necha bor ogohlantirish berilgan, chunki ular piyodalar, elektr samokatlardan foydalanuvchilar va yo‘lovchilarning harakatlanishiga xalaqit bermoqda. “Shu sababli ular demontaj qilinmoqda”, — degan edi hokimlik.
Nargiza Ulug‘ovaning so‘zlariga ko‘ra, muassasa Sodiq Azimov ko‘chasida ham xuddi shunday holatga duch kelgan. U yerda Yashnobod tumani hokimligi vakillari shtenderlarni yo‘lakdan mustaqil ravishda olib qo‘yishni so‘ragan, biroq konstruksiyalarni olib ketmagan.
Spot, avvalroq, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgandi.