Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, do‘konlar va ofislar oldidagi yerga o‘rnatiladigan reklama konstruksiyalari (shtenderlar) demontaj qilinayotgani, ishchilar ularni “indamay” yuk mashinasiga ortib, olib ketayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

TESTO hammuassisi Nargiza Ulug‘ova Spot bilan suhbatda Shota Rustaveli ko‘chasidagi muassasadan Uzum Tezkor va Yandex Go servislariga tegishli shtendlar, shuningdek, muassasaning o‘ziga tegishli bo‘rli doska olib ketilganini aytdi. Vaholanki, muassasa agregatorlar tomonidan berilgan konstruksiyalar uchun javobgar hisoblanadi.

biznes, biznes ombudsman, nargiza ulug‘ova, reklama, tadbirkorlar, tashqi reklama, testo

U reklama konstruksiyalarini olib qo‘yish zarurligi haqida ogohlantirish olmaganini bildirdi. Bundan tashqari, unga shtendlar aynan qayerga olib ketilgani va ularni qanday qaytarib olish mumkinligi ham aytilmagan.

Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmati Spot‘ga ma‘lum qilishicha, turli reklama konstruksiyalari piyodalar, elektr samokat foydalanuvchilari va yo‘lovchilarning harakatlanishiga xalaqit berayotgani sababli, tadbirkorlarga ularni olib qo‘yish bo‘yicha avvalroq bir necha bor ogohlantirishlar berilgan. “Shu munosabat bilan ular demontaj qilinmoqda”, — deyiladi tuman ma‘muriyati xabarida.

Nargiza Ulug‘ovaning so‘zlariga ko‘ra, Sodiq Azimov ko‘chasidagi muassasa ham xuddi shunday holatga duch kelgan. U yerda Yashnobod tumani hokimiyati vakillari shtenderlarni yo‘lakdan mustaqil ravishda olib qo‘yishni so‘ragan, biroq konstruksiyalarni olib ketmagan.

biznes, biznes ombudsman, nargiza ulug‘ova, reklama, tadbirkorlar, tashqi reklama, testo

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi qaroriga binoan, tashqi reklama obyektlarini trotuarlar va piyodalar yo‘laklarida joylashtirish taqiqlanadi.

Konstitutsiyaning 65-moddasiga ko‘ra, xususiy mulk daxlsizdir. “Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas”, — deyiladi Konstitutsiyada.

Spot Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

Spot, avvalroq, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi huzurida biznes ishtirokida kengash tuzilishi haqida yozgandi.