18-mart kuni prezidentning O‘zbekistonda elektromobillar va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, davlat rahbari Xitoyning “BYD” elektromobillari importini tartibga solishni topshirdi. Xususan, investor hukumatga mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashmagan, rasmiy kafolatga ega bo‘lmagan elektromobillarning tartibsiz importini cheklash bo‘yicha murojaat qilgan.

20-mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bu bo‘yicha aniq fikr bildirishga hali erta ekanligini hamda muvozanatli qaror qabul qilinishini bildirdi.

“Bu holat bo‘yicha biz o‘rganib chiqib, o‘z takliflarimizni beramiz. Iste’molchilar huquqlari nuqtayi nazaridan qo‘mita vakolatli organ bo‘lgani uchun bu sohada ham iste’molchilar murojaatlarini o‘rganib kelyapmiz”, — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov.

2023-yilda 957ta avtomobillar savdosi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan. Shundan 754tasi qanoatlantirilib, 140tasiga tushuntirish berilgan. 4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar hisob-kitob qilingan. Yana 60ta sifatsiz avtomobil almashtirilgan.

Murojaatlarning asosiy qismi — 50%dan ortig‘i avtomobillarni yetkazib berish, 25%i yetkazib berilgan avtomobillar nuqsonlari bilan bog‘liq. Ularni almashtirib berish bo‘yicha bildirilgan murojaatlar 5%ni tashkil etadi.

“Erkin bozor tarafdorimiz, narxni raqobat nuqtayi nazaridan eng maqbul narxlarda va eng yaxshi sifatlarda iste’molchilarga yetkazib berish sharoitini yaratish — asosiy vazifamiz”, — dedi u.

Asadulla Qayumov iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozorda sog‘lom raqobat muhitini yaratgan holatda mos narx va sifatlarda avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha takliflar hukumatga kiritilishini bildirdi.

Bundan tashqari, qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev hali cheklov kiritilmaganini va bu takliflardan kelib chiqib belgilanishini qayd etdi. Shu bilan birga, takliflarni ishlab chiqishda qabul qilinayotgan qaror va takliflarning JSTga a’zolikka ta’siri bo‘yicha baholanishi belgilanganini ta’kidladi.

“Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, hali cheklov kiritilishi bo‘yicha aniq fikrni aytishga erta. Chunki [takliflarni ishlab chiqish] e’lon qilindi, hech kim kompaniyaning hukumatga murojaat qilishini cheklolmaydi. Har qanday xo‘jalik yurituvchi erkin faoliyatda, har qanday davlat organiga murojaat qilishi, taklif kiritishi mumkin”, — dedi Farrux Karabayev.

Qo‘mita muvozanatli taklif ishlab chiqilishi kerak degan fikrda ekani bildirildi. Bildirilayotgan murojaatlarda ayrim shaxsiy nuqtayi nazardan olib kirilayotgan import avtomobillariga kafolat yoki texnik jihatdan tartibga solish qoidalariga muvofiqligi bo‘yicha deyarli nazorat qilinmagan yoki tartibga solinmagani keltirilgan.

“Bu bir tarafdan iste’molchilar uchun qulay, chunki [avtomobil] arzonroq narxlarda [mamlakatga] kiradi. Rasmiy dilerlarning tegishli xarajatlari bor, ya’ni avtosaloni bo‘lishi kerak va hokazo. Lekin, raqobat nuqtayi nazaridan […] avtomobil sanoatida raqobatni rivojlantirish bo‘yicha tegishli topshiriq va vazifalar belgilangan. Qaysidir xo‘jalik yurituvchining fikri bilan birdaniga cheklovlarning o‘rnatilishi, menimcha, qabul qilinmaydi. Muvozanatli qaror qabul qilinadi. Shuning uchun tegishli organlarga topshiriq berildi, qo‘mitamiz ham o‘z taklifini beradi”, — dedi Karabayev.

Shuningdek, Farrux Karabayev texnik jihatdan tartibga solish, klimatik sinovlar kabi tabiiy talablar barcha davlatlarda mavjudligini, buni me’yoridan ortiq talablar deb hisoblash noto‘g‘ri bo‘lishini qayd etdi

Qo‘mita bunday talablarni raqobat nuqtayi nazaridan qanday ta’sir qilishini tizimli ravishda o‘rganib, tegishli takliflarni muntazam kiritib boradi.

“Agar qaror qabul qilingan taqdirda ham, Raqobat to‘g‘risidagi yangi tahrirdagi qonunda har qanday xo‘jalik yurituvchi subyektning ustun mavqeyini suiiste’mol qilmaslikni cheklash bo‘yicha yetarli mexanizmlarimiz bor. O‘ylaymanki, tiyib turuvchi mexanizmlar yanada kuchaytirilgan. Qonunchilik hujjatlarida ham raqobatga ta’sir ko‘rsatuvchi qandaydir [holatlar] bo‘lsa, unga har doim munosabat bildirganmiz. Lekin aytilgan cheklovlarni prognoz qilishga hali erta. Bu muvozanatli yechimlarni talab qiladigan masala, shu sabab ham davlat rahbari takliflar ishlab chiqishni topshirdi”, deya xulosa qildi Farrux Karabayev.

Prezident Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zavtosanoat"ga joriy yilning 1-iyuligacha hukumatga “BYD” brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini tartibga solish bo‘yicha investor talabini amalga oshirishga qaratilgan takliflar kiritishni topshirdi.

Takliflar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari hamda Jahon savdo tashkiloti tamoyillari asosida ishlab chiqilishi qayd etilgan.