Avvalroq prezidentning 18-martdagi O‘zbekistonda elektromobillar va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjatda Xitoyning “BYD” kompaniyasi mamlakat hukumatidan elektromobillarning tartibsiz importini cheklashni so‘ragani qayd etilgan. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Xususan, investor hukumatga mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashmagan, rasmiy kafolatga ega bo‘lmagan elektromobillarning tartibsiz importini cheklash bo‘yicha murojaat qilgan.

Prezident Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zavtosanoat"ga joriy yilning 1-iyuligacha hukumatga “BYD” brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini tartibga solish bo‘yicha investor talabini amalga oshirishga qaratilgan takliflar kiritishni topshirdi.

Takliflar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari hamda Jahon savdo tashkiloti tamoyillari asosida ishlab chiqilishi qayd etilgan.

Bundan tashqari, investor va “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi o‘z majburiyatlari doirasida loyihani amalga oshirishning butun davri davomida umumiy qiymati $160 mlnlik investitsiyalarni, jumladan, $60 mln miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishi belgilangan.

Birinchi bosqichda 2024-yil davomida mayda uzelli yig‘ish (CKD) usulida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish quvvatini 50 ming donaga yetkazish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda quvvat yiliga 500 ming donagacha oshiriladi.

Investor mamlakatdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalari uchun butlovchi va ehtiyot qismlar, jumladan, oyna, o‘rindiqlar, plastik qismlar va bamperlar ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirishga ko‘maklashishi va 1000ta ish o‘rni yaratishi lozim.

Shuningdek, investor ilmiy tadqiqotlar olib borilishi va mahalliy kadrlar, jumladan, xorijdagi “BYD” korxonalarida muntazam malakasini oshirishi uchun qo‘shma korxona mablag‘idan yo‘naltirish majburiyatini oladi.

Yanvarda davlat rahbari Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzaxda gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirdi.

O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 10 barobar ko‘paygan. 2023-yilda import qilingan avtomobillarning 35%i yoki qariyb 25 mingtasini elektromobil va gibridlar tashkil qilgan.

Joriy yilning yanvarida mamlakatga 1 594ta elektromobil import qilingan. Xitoy eng ko‘p elektromobil import qilingan mamlakat sifatida yetakchilik qilmoqda. Jami elektromobillarning 99%i mazkur mamlakatga to‘g‘ri keladi.