Hukumat qarori bilan jismoniy va yuridik shaxslarga xulosalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga 10dan ortiq xulosalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning tartibi belgilandi.

Xususan, quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish belgilanmoqda:

  • mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida;
  • bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida;
  • gidrogeologik xulosa berish;
  • avtomobillarga yonilg‘i quyish shaxobchalarining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida;
  • radiotexnik inshootlarning sanitariya xulosasini (sanitariya pasporti) berish;
  • diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan xulosa berish;
  • dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni teleradiokanallar orqali reklama qilish bo‘yicha.

Ariza beruvchi xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etishi yoki Yagona portal orqali onlayn ariza jo‘natishi mumkin.

Portal orqali murojaat etilganda, arizani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Arizachi belgilangan talablarga javob bermasa, hujjatlarda yolg‘on yoki qalbaki ma’lumotlar ko‘rsatilganligi aniqlansa hamda hujjatlar belgilangan muddatda qayta taqdim etilmaganda xizmat ko‘rsatilmaydi.

Shu bilan birga, davlat xizmatini ko‘rsatishni boshqa asoslarga ko‘ra, jumladan, maqsadga muvofiq emaslik vaji bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar xizmat ko‘rsatish rad etilganda, arizachi 1 oy muddatda buning asoslarini bartaraf etib, yig‘im to‘lamasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Xulosa obyekti mazkur reglament va tegishli pasportlar talablariga muvofiq bo‘lsa, vakolatli organ tomonidan QR-kod qo‘yilgan xulosa avtomatik ravishda shakllantiriladi. Undan keyin, tegishli DXMga yoki ariza beruvchining portaldagi kabinetiga elektron yuboriladi.

Quyidagi hollarda xulosaning amal qilishi bekor bo‘ladi:

  • ariza beruvchi xulosaning amal qilishini bekor qilish bo‘yicha murojaat qilganda;
  • xulosaning amal qilish muddati tamom bo‘lganda;
  • xulosa obyekti tugatilganda, o‘zgartirilganda va yo‘q qilinganda.

Avvalroq o‘quv markazi ochish uchun subsidiya ajratish boshlangani haqida xabar berilgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul fondalanish mumkin. Arizalar 10-aprelgacha qabul qilinadi.