1-apreldan qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun subsidiya ajratishning navbatdagi bosqichi boshlandi.

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin bo‘lib, buning uchun hech qanday to‘lov talab qilinmaydi.

Saytning asosiy sahifasida sohalar keltirilgan. Ular orasidan “Ijtimoiy himoya” bo‘limini tanlab, undan “Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun subsidiya” xizmatiga o‘tish kerak.

“Xizmatdan foydalanish” tugmasi orqali esa ariza jo‘natiladi. Undan faqat yuridik shaxslar foydalanishi mumkin.

Subsidiya nima uchun beriladi?

Bu turdagi subsidiyalar quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

  • bino va o‘quv xonalarini axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, o‘qitishning texnik vositalari va boshqa anjomlari bilan jihozlash;
  • zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash;
  • ta’lim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq to‘lash.

Buning uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • 2 yilga mo‘ljallangan biznes reja;
  • mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xo‘jalik shartnomalari;
  • pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
  • pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
  • ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalarining ijara shartnomasi (ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).

Talabgorlar barcha hujjatlarni PDF shaklida yuklashlari kerak bo‘ladi.

Arizalarni joriy yilning 10-apreligacha havola orqali jo‘natish mumkin. Ular bir oy ichida ko‘rib chiqiladi.

Belgilangan muddat tugagach, bu turdagi subsidiyalar uchun ariza topshirishga keyingi imkoniyat joriy yilning iyul oyida keladi.

Subsidiya uchun arizani qanday jo‘natish bo‘yicha “Spot” qo‘llanmasini havola orqali ko‘rish mumkin.

2022-yilning sentabrida hukumat qarori bilan chet tillarini o‘rgatuvchi xususiy ta’lim markazlariga subsidiya ajratish tartibi tasdiqlangan.

Oradan bir oy o‘tib, subsidiya uchun birinchi qabul boshlandi. Bunda arizalar har chorakning birinchi oyi 10-sanasigacha jo‘natilishi kerak.