“Apple” Kaliforniyada 614 nafar xodimini ishdan bo‘shatdi, deb yozadi “CNBC” shtat Bandlikni rivojlantirish departamentiga taqdim etilgan kompaniya hujjatlariga tayanib.

Ishdan bo‘shatilgan xodimlar Santa-Klaradagi sakkizta joyda ishlagan. Ularga 2024-yil 28-mart kuni ishdan bo‘shatish haqida ma’lum qilindi, qaror 27-maydan kuchga kiradi. Ular qanday loyihalar ustida ishlagani ko‘rsatilmagan.

“San Francisco Chronicle” ma’lumotlariga ko‘ra, mashinasozlik ustalari, asbob-uskunalar bo‘yicha muhandislar va mahsulotlarni loyihalash bo‘yicha muhandislar ishdan bo‘shatildi.

“Bloomberg"ning aniqlik kiritishicha, “Apple"ning “maxfiy” korxonasi joylashgan manzilda kamida 87 kishi “Apple Watch” aqlli soati uchun o‘zining microLED displeyini ishlab chiqishda ishlagan.

Kompaniya juda yuqori xarajatlar va ishlab chiqarishdagi qiyinchiliklar tufayli 2024-yil martida bu tashabbusdan voz kechgan.

Qolgan xodimlar elektromobil loyihasi ustida ishladilar, kompaniya uni ishlab chiqishni 2024-yil fevralida to‘xtatdi.

“Apple” ishdan bo‘shatish haqida izoh berishdan bosh tortdi. “Bloomberg"ning ta’kidlashicha, qisqartirishlar ko‘lami kattaroq bo‘lishi mumkin.


Avvalroq “Spot” “Apple” may oyida yangi iPad Pro va iPad Airni taqdim qilishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, iPad Pro 2018-yildan, iPad Air esa 2022-yildan beri birinchi marta yangilanadi.