17-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi transport va qurilish loyihalari taqdimotida “Toshkent” xalqaro aeroportida yangi kargo terminali qurilishi ma’lum bo‘lgandi.

“Uzbekistan Airports"ning xabar berishicha, hozir qurilish ikki bosqichda amalga oshiriladigan yuk terminalini loyihalash ishlari yakunlangan.

Yuk terminali 5,2 gektar maydonda joylashtirilib, yiliga qariyb 120 ming tonna yuk o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Avvalroq yuklarga xizmat ko‘rsatish quvvati 300 tonnaga yetishi qayd etilgandi.

Birinchi bosqichda joriy yil oxirigacha umumiy 8 ming kv.metr maydonda yangi yuk terminali, ma’lum bir harorat rejimini saqlashni talab qiladigan yuklar uchun 500 kv.metr maydonda muzlatkich kameralari foydalanishga topshiriladi.

Shuningdek, import va eksport qiluvchi kompaniyalar xodimlari va vakillari uchun maydoni 3 ming kv.metrlik yangi ma’muriy bino quriladi.

Ikkinchi bosqichda 2025-yil oxirigacha 12 ming kv.metr maydonga ega yangi yuk omborini qurib, foydalanishga topshirish, umumiy maydoni 1000 kv.metr bo‘lgan har xil harorat sharoitlariga ega yangi sovitish va muzlatish xonalarini qurish rejalashtirilgan.

1994−2000-yillarda qurilgan yuk terminali umumiy maydoni qariyb 3 gektarga bo‘lgan 20ga yaqin kichik va o‘rta ombor va ma’muriy binolardan iborat. O‘tkazish quvvati yiliga 30 ming tonnani tashkil etadi. 2024-yilda taxminan 67 ming tonna yuk va pochta jo‘natmalari kutilmoqda.

Joriy yilning 1-aprelidan Toshkent aeroportida “Sixt Uzbekistan” taksi xizmati ish boshlagandi. Xizmatlar “Avtobus Rent” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniya o‘tgan yili o‘tkazilgan onlayn tenderda g‘olib bo‘lgan.