Shavkat Mirziyoyev 16-aprel kuni transport va qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yillarda Toshkent xalqaro aeroportida xizmat turlari, ro‘yxatdan o‘tkazish va samolyotga chiqish yo‘laklari ko‘paytirildi. Uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida aeroportning jo‘nab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaydi.

Hozirda uchib ketish terminali rekonstruksiya qilinmoqda. Bu uch bosqichda amalga oshirilib, ro‘yxatdan o‘tkazish, bojxona va xavfsizlik imkoniyatlari kengaytiriladi. Natijada yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 1 200 kishidan 2 400 nafarga yetadi.

Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilgan. Natijada yuklarga sifatli xizmat ko‘rsatish quvvati 300 tonnaga yetadi.

2022-yilning 29-avgustida Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlandi. U yerda ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, sport va madaniyat markazlari, xiyobonlar, texnopark kabi majmualar barpo etiladi. Shaharcha markazida Al-Xorazmiy universiteti quriladi.

Oliygohda matematika va tabiiy fanlar, informatika, muhandislik fakultetlari bo‘ladi, 4 ming talaba ta’lim oladi. Universitet qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab tashkil etiladi. Bu yerda o‘qish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lga qo‘yilib, ta’lim klasteri yaratiladi.

Taqdimotda universitet konsepsiyasini boyitish bo‘yicha fikr almashildi. Yoshlarning tadqiqotlari uchun laboratoriyalar tashkil etish, startap loyihalarini tijoratlashtirish, raqamli texnologiyalar va kibersport yo‘nalishlarini joriy qilish muhimligi ta’kidlandi.

Abu Rayhon Beruniyning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasini ulug‘lash maqsadida, prezident tashabbusi bilan, Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani markazida muzey tashkil etish rejalashtirilgan.

Muzey ikki qavatli bo‘lib, ilg‘or qurilmalar bilan jihozlanishi, interfaol usullar qo‘llanilishi mo‘ljallangan. Taqdimotda mazkur loyihalar bo‘yicha bir nechta takliflar ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga loyihalarni takomillashtirish, qulayliklarni oshirish va sifatli qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Avvalroq prezident Jizzaxdagi 2 mingga yaqin eski uylar o‘rnida 50 ming xonadonli uylar qurishni topshirgandi. Yevropa va boshqa davlatlardan olim va mutaxassislarni olib kelib, qurilish sohasida ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirishga ko‘rsatma berildi.