Jizzaxdagi 2 mingga yaqin eski uylar o‘rnida yangilari quriladi. Bu bo‘yicha prezident topshiriq berdi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda iqtisodiyot tarmoqlarida mamlakatda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan foydalanishni kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

Mahalliy bazalt mahsulotlarini xalqaro sertifikatsiyadan o‘tkazishga ko‘maklashish, qurilish, irrigatsiya va kommunal xo‘jaligidagi qurilish normalarida bazalt mahsulotidan foydalanishni ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi.

Yevropa va boshqa davlatlardan olim va mutaxassislarni olib kelib, bu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga ko‘rsatma berildi.

Davlat rahbari elektr jihozlari chiqaruvchi “Mono elektrik” korxonasining kasanachilik asosida 250 nafar ko‘zi ojizlarni ish bilan ta’minlash rejasini namunali tajriba sifatida qayd etdi. Mutasaddilarga Jizzax tajribasini yo‘lga qo‘yish, kasanachilik loyihalarini ko‘paytirishni topshirdi.

Avtomobilsozlikda yirik uzelli yig‘ish usulidan to‘liq texnologik siklga o‘tilgani yaxshi natija bo‘lgani ta’kidlandi. Tarmoq rahbariyati oldida kelgusi uch yilda $1 mlrd investitsiya jalb qilib, ishlab chiqarish quvvatini 100 mingtaga oshirish, 10 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasi turibdi.

Kooperatsiya asosida 365 turdagi butlovchi qismlarni mamlakatda chiqarishni yo‘lga qo‘yib, mahalliylashtirish darajasini 50%ga yetkazish muhimligi qayd etildi.

Bu yil viloyatda 4,5 ming xonadonli 118ta uy-joy qurish reja qilingan. Davlat rahbari bu yetarli emasligini qayd etib, uy-joy qurilishini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Tumanlardagi 2 mingga yaqin eski uylar o‘rnida 50 ming xonadonli uylar qurish dasturini tasdiqlash topshirildi. Bu Do‘stlik tumanidagi “barak” uylar o‘rnida yangi uy-joy qurish tajribasi asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Zomin, Baxmal va Forishda ham uy-joy qurish dasturlari boshlanadi.

“ADM Jizzakh” 2026-yildan gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Keyingi uch yil ichida avtomobil zavodi jami $550 mln miqdorida sarmoya kiritadi va ishchilar sonini esa ikki baravarga oshiradi.