Janubiy Koreyaning “Megazone Cloud” kompaniyasi O‘zbekistonda ofis ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya kompaniyaning birinchi vitse-prezidenti Bumjin Kim bilan muzokaralar olib borib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Bumjin Kim O‘zbekistonning IT-sektori imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida tez orada mamlakatga tashrif buyurishni hamda “Megazone Cloud” uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha autsorsing ofisini ochishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, kompaniya Koreyadagi yosh mutaxassislar bozori bilan bog‘liq qiyinchiliklardan kelib chiqib, O‘zbekistonning kadrlar salohiyatiga qiziqish bildirmoqda.

Xususan, bitiruvchilarni o‘z ofislarida ish bilan ta’minlaydigan mutaxassislar tayyorlash uchun mamlakatda “IT-talant” markazini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 14 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar koreys tilida bemalol so‘zlasha oladi.

Shuningdek, Bumjin Kim O‘zbekistonda bulutli texnologiyalar va ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish rejalarini ma’lum qildi. “Megazone Cloud” mutaxassislari mamlakatda bulutli texnologiyalar yo‘nalishini rivojlantirish hamda bozorga ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashadi.

Janubiy Koreyaning “WiseStone” kompaniyasi O‘zbekistonda vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda. “D.Camp” kompaniyasi esa startap ekotizimini rivojlantirishga yordam beradi.