13-may kuni Shavkat Mirziyoyevga mamlakatda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, yoshlar va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.

2017-yilda mamlakatda IT-kompaniyalari soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 mingga yaqinlashdi. Ularda 30 ming xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 mingdan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanayapti.

Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida sohadagi xizmatlar hajmi 20% o‘sdi, $200 mlnlik eksport qilinib, 5 mingta ish o‘rni yaratildi.

Hududlar kesimida IT-xizmatlari va eksportining asosiy ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislarning 80%i poytaxtda yashaydi.

Bu sohani chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida, IT-shaharchalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Bunday maskanlar dastlab 15ta hududda — Chimboy, G‘ijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qo‘shrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqal’a tumanlari hamda Xonobod shahrida tashkil qilinadi.

Ularda yiliga 10 mingga yaqin yoshlar IT, chet tili va boshqa kasblar bo‘yicha bepul o‘qitiladi.

Prezident shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda bo‘lishi, ularda yuqori malakali mutaxassislar dars berishi zarurligini ta’kidladi.

“Shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda hamma sohaga axborot texnologiyalarini biladigan kadrlar kerak. Bu sohada xizmatlar uchun ham, eksport uchun ham eng asosiy resurs bu — malakali mutaxassislar. IT-shaharchalar bu yo‘lda yoshlarga qanot bo‘ladigan, zamonaviy kasblarga o‘rgatadigan tizim bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dekabr oyida prezident “IT Park” hududida Angliya huquqini joriy etish, rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish hamda sohaga 100 yillik qulaylik yaratish bo‘yicha takliflarni bildirdi.

Yanvar oyi boshida hukumat qarori bilan texnopark rezidentlari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritildi. Undan keyin texnoparkda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etilishi belgilandi.

Joriy yilning 1-martidan xalqaro IT-sertifikatlar xarajatlarini qoplab berish miqdori oshirildi. Endi yoshlarga IT-sertifikat xarajatlarining 60%gacha qismi, agar ingliz tilidan sertifikat mavjud bo‘lsa, 100%i qoplab beriladi.