Shavkat Mirziyoyev 5-iyun kuni Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qildi.

Uchrashuvda mamlakatning JSTga qo‘shilishi borasida ko‘rilayotgan ishlar muhokama qilindi. Qisqa muddatda ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi o‘tkazilgani, a’zo mamlakatlar bilan faol muzokaralar olib borilayotgani qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash shartlari muhokama qilina boshlangani, milliy qonunchilikni tashkilotning me’yor va qoidalariga muvofiqlashtirish ishlari davom etayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron savdo va raqamli xizmatlar eksportini oshirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Xalqaro savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspertlarning salohiyatini oshirishga e’tibor qaratildi.

JSTning ko‘magi bilan O‘zbekistonda Savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazini tashkil etish taklif etildi.

Uchrashuv yakunida Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Avvalroq bozor islohotlarini tezlashtirish va milliy qonunchilikni JST bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.

JST a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.

ITIMning ta’kidlashicha, mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi iqtisodiyotning 0,5%ga o‘sishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, savdo xarajatlarini kamaytiradi va aholi farovonligini oshiradi.

Fevral oyida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqarilgan tegishli qonun bilan mamlakatning 5ta qonuni JST bitimlariga uyg‘unlashirilgandi.

O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.