“Yangi Toshkent"ning birinchi tumanidagi qurilish ishlarini 6−10 yil ichida yakunlash belgilangan. Bu haqda joriy yilning 4-oktabr kuni “ToshkentboshplanLITI” binosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov “Spot” muxbiriga ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, poytaxtning 13-tumanida muhandislik tarmoqlarini galereya shaklida yer ostidan o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu gaz, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlarining aholiga xalaqit qilmasligini, shu bilan birga, ularning ekspluatatsiyasini qulaylashtirishni ta’minlaydi.

“Transport yechimlari bo‘yicha „Yangi Toshkent“ hududida hozirgi metro liniyasini davom ettirish, shu bilan birga, avtomobillar harakatlanishi uchun yangi talablar asosida yer osti yo‘llari, tunellar, yo‘l tugunlari — chorrahalarning qulay bo‘lishida yechimlar berilgan”, — dedi Jahongir Anvarov.

Bundan tashqari, “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasi bosh mutaxassisi Umidjon Fayziyev loyihada yer osti transport tarmog‘iga urg‘u berilganini, shunga qaramay, bu 100% transport vositalarini qamrab olmasligini ta’kidladi.

Asosan, jamoat transportlari yer ostida, yengil avtomobillar esa yer ustida harakatlanadi. Buning uchun yo‘llar loyihalashtirilmoqda. Shu bilan birga, 90% jamoat va turar joy binolarining avtoturargohlari ham yer ostida bo‘ladi.

“Poytaxt bilan “Yangi Toshkent"ni bog‘lash eng birinchi vazifamiz. Chunki bu alohida shahar emas, balki mavjud shaharning kengayayotgan bir qismidir. Buning uchun beshta asosiy transport arteriyasini ulaganmiz. Bu asosiy magistral ko‘chalardir. Ularda jamoat transportlari, masalan, metro, tramvay va monorelslar hamda avtobus kabi jamoat transportlari qatnovi rejalashtirilgan”, — dedi Umidjon Fayziyev.

Shuningdek, u birinchi bosqich qurilishi boshlangan ma’muriy markaz haqida to‘xtalib, poytaxtdagi vazirlik idoralari mazkur hududda joylashishini qayd etdi.

Tegishli vazirlik idoralarining shtatlari tashkil etilgan. Ular tomonidan belgilangan yerlarda qurilish jarayonini tashkil etish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Umidjon Fayziyev hududda atrof-muhit muhofazasi ham hisobga olinganini ta’kidladi. Xususan, ikkita daryoni bog‘lab turuvchi uchta sun’iy kanal barpo etilib, bu orqali hududda “yashil karkas” yaratiladi. Poytaxt bilan “Yangi Toshkent"ni bog‘lab turuvchi “yashil xalqa"ni tashkil etish rejalashtirgan. Bu esa chang-to‘zon kabi muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.

“Tanlangan hududning o‘zi Toshkent mintaqasining eng toza havoga ega hududi hisoblanadi. Qurilish bo‘lgan joyda mavjud tabiiylikni asrash juda qiyin. Lekin loyiha doirasida „ekoshahar“ maqomini saqlab qolishga harakat qilingan. Xususan, Chirchiq va Qorasuv daryosining ikki chetida muhofaza zonasi shakllantiriladi. Bu suv oqimi, tezligi va sathidan kelib chiqib, 50 metrdan 300 metrgacha bo‘ladi”, — dedi u.

Bundan tashqari, Umidjon Fayziyev Toshkent shahri aholisi soni o‘sib borishi hamda migratsiya hisobidan “Yangi Toshkent” hududi aholisi shakllanishini aytdi. Ikki million aholiga mo‘ljallangan shaharda muhandislik tarmoqlarining ekspluatatsiyasi direksiya tomonidan amalga oshiriladi.

Toshkent va “Yangi Toshkent” timsoli bo‘lgan egizak minoralarning (Twin Towers) qurilishi, mutasaddining fikricha, investitsiyalarni jalb etishga turtki beradi. “Chunki iqtisod va tijorat zamonaviy shaharsozlikni rivojlantiruvchi asosiy omil hisoblanadi. „Yangi Toshkent“ ham faqat ma’muriy hududdan iborat bo‘lsa, monofunksional, ya’ni zerikarli bo‘lib qolishi mumkin. Hududda turar joylarning rejalashtirilishi, madaniy markazning bo‘lishi, shu bilan birga, biznes markazning olib kirilishi ham uning ko‘p tarmoqli shahar bo‘lishiga xizmat qiladi, ham aholisi uchun qiziqarli bo‘ladi”, — dedi Fayziyev .

Jahongir Anvarov “Yangi Toshkent"ni elektr energiyasi bilan ta’minlashda muqobil energiya manbalaridan foydalanish hisobga olinganini qayd etdi.

“Hududda energiya samaradorligini inobatga olish asosiy maqsadimiz. Chunki qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda quyosh panellari, ichimlik va oqova suvlarning alohida-alohida tarmoqlarini tortish [belgilangan]”, — dedi u.

Yomg‘ir suvidan unumli foydalanishni tashkil etish maqsadida texnologiyalar ishlab chiqilmoqda. Bu orqali yomg‘ir suvidan shaharni ko‘kalamzorlashtirishda foydalaniladi.

Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev “Yangi Toshkent"ning dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqich doirasida ikkita OTM kampusi bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmualar bunyod etiladi.

May oyida “Cross Works” kompaniyasi tomonidan “Yangi Toshkent” bosh rejasi taqdim etildi. Iyun oyida esa hukumat qarori bilan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlandi.

Hududdan o‘tuvchi Chirchiq daryosining 6 km.ga yaqin qismida dam olish hududi barpo etiladi. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.