Avvalroq 14-aprel kuni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil etishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan joriy yilning 1-iyulidan yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha nazorat tadbirlari xususiy sektor tomonidan olib boriladi.
Bunday obyektlarda qurilish yakuniga yetgandan so‘ng loyihachi tomonidan Shaffof qurilish milliy axborot tizimida xulosa shakllantiriladi va buyurtmachiga taqdim etiladi. Obyektdan foydalanish uchun ruxsatnomani tegishli tuman va shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari taqdim etadi.
Xususiy qurilish nazorati o‘tkazilmagan yoki loyihachining ijobiy xulosasi bo‘lmagan obyektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
Quyidagilar xususiy qurilish nazorati obyektlari hisoblanadi:
- 2 qavatdan yuqori bo‘lmagan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kv.metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar;
- qurilish hajmi 300 metr kubdan ortiq bo‘lmagan noturar bino va inshootlar hamda yengil turdagi (konstruksiyali) qurilmalar.
Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida vazirlik va idoralarda tadbirkorlar qilishi mumkin bo‘lgan xizmatlar ko‘pligi aytilgandi. Mutasaddilarga 1-martgacha 11 ta, 1-oktabrgacha yana 18 ta davlat xizmatini xususiy sektorga o‘tkazish topshirildi.
Undan keyin prezident xizmatlar sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Hujjat bilan 1-iyuldan bir qator davlat xizmatlari va funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi. Bular qatorida yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi hamda rekonstruksiya ishlari yuzasidan nazorat yuritish xizmati bor.
Avvalroq havoni ifloslantirgan quruvchilar 19 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi haqida xabar berilgandi. Agar huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilsa, 3,7 mln so‘m miqdorida jarima undiriladi.