Raqobat qo‘mitasi tomonidan OAV va internetda joylashtirilgan materiallarning reklama qonunchilii talablariga muvofiqligi o‘rganildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Turoperatorlar tomonidan Umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklamalarning qonuniyligi o‘rganilib, natijada qonun buzilishi holatlari aniqlandi.

Xususan, Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida jami 4 ta — Mirabelle Travel, Ketdik Tour, Ayattour, Tavakkalna Travel turoperatorlari tegishli litsenziyasiz reklamalar joylashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur turoperatorlarga “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilishi yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.

Shuningdek, qo‘mitaning Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan yana 5 ta kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida reklama qonunchiligi buzilgani aniqlandi.

Jumladan, Jat Travel’ning Instagram sahifasida, Farg‘ona Umra, Saudiyaga Sayohat, Aziz Turizm hamda Sardor Turizm turoperatorlarining Telegram-kanallari adminlari tomonidan berilgan reklamalarda yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarlik uchun ularning mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Shu bilan birgalikda, qo‘mita 12 dan ortiq litsenziyasiz reklama materiallari tarqatayotgan axborot resurslarini yurituvchi shaxslarga aniqlik kiritish uchun IIVning Kiberxavfsizlik markaziga ma’lumot kiritdi. O‘rganish yakunlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tegishli choralar ko‘riladi.

Hozirda O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berilgan. Undan 6tasi Toshkent, 3tasi Namangan hamd qolgan 3tasi Andijon, Farg‘ona va Xorazmdagi kompaniyalardir.

Avvalroq 1-sentabrgacha Haj va Umra yagona portali hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi. Portalda Haj tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda Umraga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi.