Toshkent viloyatidagi Technologies of Real Time avtomobil ehtiyot qismlari zavodi Chery avtomobillari uchun ehtiyot qismlarni Rossiyaga yetkazib beradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
INNOPROM. Markaziy Osiyo 5-xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida Moskva viloyati Investitsiyalar, sanoat va fanlar vaziri o‘rinbosari Adil Gantsov boshchiligidagi delegatsiya vakillari Zangiotada joylashgan Technologies of Real Time O‘zbekiston-Singapur qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Shu bilan birga, delegatsiya zavoddagi ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirib, mutaxassislar bilan muzokaralar olib bordi. Korxona shourumida tayyor mahsulotlar namunalari ko‘zdan kechirildi.
Tomonlar Moskva viloyatining Solnechnogorsk shahar okrugida joylashgan Chery zavodiga avtomobil ehtiyot qismlarini yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Shuningdek, yakuniy kelishuvlarni imzolash uchun kengaytirilgan muloqot olib borilishi belgilandi.
2024-yilning yozida Yesipovo industrial parkidagi zavodda Chery konsernining premium markasi bo‘lgan Exeed avtomobillarini shartnoma asosida yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalari ma’lum bo‘ldi. Dastlabki avtomobillarni avgust oyida dilerlarga yetkazib berish rejalashtirilgandi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi chorakda O‘zbekistonda 1996 ta Chery avtomobili ishlab chiqarilgan yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uchdan bir qismga kam. Shu bilan birga, brend mamlakatda sotuvlar bo‘yicha top-5 talikda qolmoqda.
2024-yilning oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Technologies of Real Time korxonasi faoliyati bilan tanishgandi. O‘shanda zavod BYD, Chery, Geely va Dongfeng avtomobillari uchun ehtiyot qismlarni o‘z ichiga olgan ishlab chiqarishni kengaytirishga $1,15 mln investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan.
Avvalroq AvtoVAZ O‘zbekistonda mahalliy brend nomi ostida avtomobillar yig‘ishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.