Avvalroq Oliy Majlis Senati O‘zbekistonda elektron sigaretalar muomalasini taqiqlashga qaratilgan qonunni ma’qullagani haqida xabar berilgandi. Hujjat imzolash uchun prezidentga yuborildi.
Hujjat bilan tamaki mahsulotlari, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, shu jumladan, elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, O‘zbekiston hududiga olib kirish va olib chiqish taqiqlanadi. Bunday mahsulotlarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq huquqbuzarlarga esa ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Bunda ma’muriy javobgarlik ashyolari musodara qilinib, huquqbuzarlarga 37,5 mln so‘mdan 75 mln so‘mgacha jarima qo‘llaniladi. Takroriy huquqbuzarlik uchun 150 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yilgacha ozodlik mahrum qilish belgilandi.
Og‘irlashtiruvchi holatlar uchun ko‘p miqdorda guruh bo‘lib, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik qilish 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi. Agar huquqbuzar o‘z ixtiyori bilan aybini tan olib, hokimiyat organlariga taqiqlangan mahsulotlarni topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
Gazeta.uz nashri qonun asosida qanday tamaki mahsulotlari taqiqlanishi va qaysilari qonuniyligicha qolishini aniqladi. Muomalasiga ruxsat etilgan chekiladigan va chekilmaydigan tamaki mahsulotlari quyidagilar kiradi:
- sigaretlar — sanoat ishlab chiqarishining oddiy tamaki mahsulotlari;
- yasaladigan sigaretlar / papiroslar — qo‘lda o‘raladigan sigaretlar;
- sigara va sigarillalar — tarkibida tamaki miqdori yuqori bo‘lgan qalin sigara ko‘rinishidagi tamaki mahsulotlari;
- chekish uchun trubka — tamaki chekish uchun an’anaviy qurilma;
- kalyan — suv orqali tamaki chekish uchun qurilma;
- tamaki isitish tizimi (masalan, Iqos) — tamakini yondirmasdan aerozol hosil qilish uchun uni isituvchi qurilma;
- tayoqchalar (masalan, Heets) — tamaki isitish tizimlarida ishlatiladigan maxsus tamaki tayoqchalari;
- nosvoy — lab yoki tanglay orqasiga qo‘yish orqali ishlatiladigan qora massa. Mahsulot kanserogen xususiyati tufayli ba’zi mamlakatlarda taqiqlangan bo‘lsa ham, O‘zbekistonda ruxsat etilgan.
Taqiqlangan mahsulotlarga esa quyidagilar kiradi:
- korpusli veyplar / modlar — nikotin suyuqligi uchun rezervuarga ega qurilmalar;
- veyp suyuqligi solingan butilkalar (Ice Flair va boshqalar) — nikotin va aromatizatorlarni o‘z ichiga oladi, veyplarni to‘ldirish uchun ishlatiladi;
- elektron trubka — klassik chekish trubkasi sifatida stilizatsiya qilingan, ammo elektron bug‘lanish tizimiga ega qurilma;
- Juul va shunga o‘xshash kartrijli qurilmalar — nikotinni tanaga yetkazib berish uchun pod tizimi;
- bir martalik elektron sigaretalar (masalan, HQD, MaskKing markalari) — foydalanishga tayyor, to‘ldirish talab qilmaydi, xushbo‘y ta’mga ega;
- pod-tizimi (masalan, Zero) — to‘ldiriladigan kapsulalarga ega miniatyura qurilmalari;
- nikotin yostiqchalari (nikotin to‘plami, masalan, Velo) — tamaki bo‘lmagan, ammo nikotin bilan to‘yingan;
- snus (snyus) — ezilgan namlangan tamaki.
2024-yilning aprel oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini muhokama qo‘ygandi. 2025-yil boshiga kelib, mamlakatdagi partiyalar fraksiyalari qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi. Qonunchilik palatasi esa yanvar oyida qonun loyihasini qabul qilgandi.
“Bir va ko‘p martalik elektron tamaki mahsulotlari tarkibidagi kimyoviy birikmalar inson sog‘lig‘i va atroh-muhitga jiddiy zarar yetkazadi. Organizmda nikotinga qaramlik rivojlanishi bilan birga, bolalar va o‘smirlarda miya shakllanishi va o‘zlashtirish qobiliyatining pasayishiga, ruhiy agressivlikka olib keladi”, — degandi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu mahsulotlar iste’moli, bronxit, astma, pnevmoniya hamda bodroqsimon o‘pka kasalligini keltirib chiqaradi. Markaziy nerv sistemasi, oshqozon-ichak trakti, buyrak-jigar funksiyasining buzilishi, shuningdek, gipertoniya, infarkt hamda insult kabi yurak-qon tomir kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘lishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, kimyoviy birikma va moddalar organizmga mutagen ta’sir qilib, DNK tuzilishini jarohatlashi, ayollar reproduktiv xususiyatining pasayishiga hamda irsiy nogironlik va o‘limga olib kelishi mumkin.
Avvalroq deputatlar xususiy sektorda xodimlarni ishdan bo‘shatishni soddalashtirish bo‘yicha qonun loyihasini rad etgani haqida xabar berilgandi.