O‘zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasi taqiqlanishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini muhokama qo‘ydi.

Tahlillarga ko‘ra, elektron sigaretalarni chekuvchi o‘smirlar va yoshlar salmog‘i katta yoshdagilarga nisbatan uch barobar ko‘p. Maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari orasida ularga qiziqish ortmoqda — 26,6 ming o‘g‘il bolalar va 8,6 ming qiz bolalar chekishga moyil.

Maktab va jamoat joylarida o‘tkazilgan reydlarda o‘quvchilardan olingan elektron sigaretalar soni yildan-yilga tobora oshib bormoqda. Xususan, 2019-yilda 6ta holat aniqlangan bo‘lsa, 2023-yilda bu 1040tani tashkil etgan.

18−29 yoshdagi aholi orasida tamakini qizdirish tizimidan foydalanish darajasi (252 ming nafar) 30−69 yoshdagi aholiga (94,2 ming nafar) nisbatan 2,5 baravardan ko‘p.

Agar zarur choralar ko‘rilmasa, kelgusida yosh avlodning har beshinchisi (20%) nikotinga qaramlikdan aziyat chekadi. Shundan kelib chiqib, elektron sigaretalarni va tamakini qizdirish tizimlarini O‘zbekistonda muomalasini taqiqlash, bu bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilash maqsadga muvofiq, deyiladi loyihada.

“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonuniga tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, ayrim turdagi tamaki mahsulotlarini mamlakatga olib kirish, tranzit qilish hamda ishlab chiqarish, realizatsiya qilishni taqiqlovchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar va chilimlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, realizatsiya qilish, O‘zbekistonga olib kirish, olib chiqish, tranzit qilish bo‘yicha javobgarlikni belgilovchi norma kiritilmoqda.

Mazkur harakatlar uchun huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinib, BHMning 50 baravaridan (17 mln so‘m) 100 baravarigacha (34 mln so‘m) miqdorda jarima solinadi. Huquqbuzarlik ashyolarini o‘z ixtiyori bilan topshirganlar esa javobgarlikdan ozod qilinadi.

Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan yuqoridagi harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa BHMning 200 baravaridan (68 mln so‘m) 400 baravarigacha (136 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, xizmat lavozimini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilganda BHMning 400 baravaridan (136 mln so‘m) 600 baravarigacha (204 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bu harakatlar juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu bilan bog‘liq jinoyat ishlarini yuritish tartibini belgilash maqsadida Jinoyat-protsessual kodeksiga mos ravishda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 18-aprelgacha qabul qilinadi.

2023-yilning may oyida prezident “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat bilan alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish bilan bog‘liq munosabatlar, shuningdek, sohaga mas’ul organlarning vakolatlari belgilandi.