Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ishlab chiqarilayotgan vagonlar va Urganch-Xiva elektrlashtirilgan temir yo‘lini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda 465 kilometrlik Buxoro-Urganch-Xiva temir yo‘li elektrlashtirilib, himoya to‘siqlari o‘rnatildi va zarur inshootlar qurilgan. Bu yo‘nalish uchun Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan yuqori tezlikdagi 6 ta elektropoyezd xarid qilinib, kelgusi yildan Jaloliddin Manguberdi nomi ostida Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladi.

Natijada yiliga 3 mlndan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Hozirda Toshkentdan Xivaga 14 soatda yetib boradigan poyezd mazkur yo‘nalishda harakatga qo‘yiladigan elektropoyezd imkoniyatlari tufayli 7 soat 40 daqiqada yetib boradi.

Shuningdek, yuk poyezdlari o‘tkazuvchanligi qariyb 6 mln tonnaga yetadi. Hozir bu ko‘rsatkich 1 mln tonnani tashkil qiladi.

“So‘nggi yillarda Xiva shahriga temir yo‘l tortilib, yangi vokzal qurildi, „Buxoro-Urganch-Xiva“ temir yo‘li to‘liq elektrlashtirildi. Sizlar bilan kelishib olganimizdek, 2026-yilda ushbu yo‘nalish bo‘ylab Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataladigan zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, yaqin kelgusida bu tezyurar poyezdlar Nukusgacha boradi”, — dedi prezident Arda Xiva xalqaro sayyohlik markazining ochilish marosimida.

Vagonlar parkini yangilash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 mln mablag‘ ajratildi. Joriy yilning birinchi choragida dastlabki 10 ta yo‘lovchi vagoni ishlab chiqarildi. Davlat rahbari yangi mahalliy vagonlarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Kelgusi ikki yil davomida yo‘lovchi vagonlari sonini 70 taga yetkazish va eskirgan modellardan bosqichma-bosqich voz kechish rejalashtirilmoqda. Bu yiliga qo‘shimcha 1 mlndan ortiq yo‘lovchini tashish imkoniyatini yaratadi.

Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga Urganchdan Xivaga yangi poyezdda yo‘l oldi.

Toshkent-Xiva yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi 2022-yilda ma’lum bo‘lgan. Buning uchun Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem" kompaniyasidan yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinishi belgilangan. U 7ta vagon va 35ta o‘rindiqdan iborat bo‘lib, soatiga 250 km tezlikda harakatlana oladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan taqdimotda O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev yangi yil arafasida elektrlashtirilgan Buxoro-Miskin-Urganch-Xiva temiryo‘li ochilishini ma’lum qilgandi. Uning umumiy uzunligi 465 kmni tashkil etadi.

Kelgusi yillarda 196 kilometrlik Miskin-Nukus tarmog‘ini elektrlashtirish belgilangan. Bu qatnov vaqtini 16 soatdan 7 soatgacha qisqartirishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Koreyaning Inchon aeroporti Urganch aeroporti rekonstruksiyasiga $223 mln yo‘naltirishi haqida yozgandi.

Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025−2027 yillar davom etib, natijada aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.