UzAuto Motors Xorazm viloyatidagi filialida miniven ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda Slovakiya kompaniyasi Tuproqqal’aga $10 mln kiritib, 500 gektar qumli yerni o‘zlashtirishni boshlagani qayd etildi. Ushbu investor $170 mln hisobiga yana 4,5 ming gektar qumli yerni foydalanishga kiritib, raps o‘simligini ekish va undan bioetanol ishlab chiqarishni reja qilgan. Mas’ullarga bu loyiha uchun zarur ko‘makni ko‘rsatish topshirildi.
Prezident Tuproqqal’ada joylashgan Khorezm Auto zavodida bozorda katta talabga ega arzon avtomobil ishlab chiqarish boshlanishini ma’lum qildi.
Loyiha $100 mln mablag‘ hisobiga amalga oshirilib, uning doirasida Yevro-5 ekologik standartiga javob beruvchi 7 o‘ringa mo‘ljallangan avtomobil ishlab chiqariladi.
Mutasaddilarga joriy yilda hamkorlar bilan muzokarani yakunlab, 2026-yilda yirik uzelli yig‘ish (SKD) usulida ishlab chiqarishni boshlash topshirildi.
Shuningdek, 2027-yilda ishlab chiqarish to‘liq siklga o‘tiladi. Davlat rahbari mahalliylashtirishni 50% ga olib chiqish bo‘yicha ham ko‘rsatma berdi.
UzAuto Motors kompaniyasining Xorazm filiali 2013-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bir yildan so‘ng konveyerdan birinchi avtomobil chiqqan. Hozirda Damas hamda Labo kabi avtomobillar ishlab chiqarilmoqda.
Yil boshida Sirdaryo viloyatidagi Asaka Motors zavodida Wuling N111 avtomobili ishlab chiqarila boshlangani haqida xabar berilgandi.