Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov 2026-yildan inflyatsiyaning o‘sish sur’atlari sekinlashishini kutmoqda. Bu haqda u 2-may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi konferensiyasida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Ishmetovning qayd etishicha, O‘zbekistonda yuqori inflyatsiya hali ham kuzatilmoqda va uning yillik ko‘rsatkichi hozirda 10% atrofida shakllanmoqda. Inflyatsiyaning o‘sish sur’atlari tezlashishining asosiy sababi narxlarni liberallashtirish bo‘yicha islohotlar bo‘lib, bu ayniqsa energetika sohasida namoyon bo‘lmoqda.

“1-may kuni biz energetika sohasida tarif islohotining ikkinchi va so‘nggi bosqichini o‘tkazdik. Hozirda biz davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlarning boshqa ma’muriy oshirilishini ko‘rmayapmiz. Endi biz inflyatsiyani sekinlashtirish borasidagi ishlarimizga e’tibor qaratishimiz mumkin bo‘ladi”, — dedi Markaziy bank raisi.

Timur Ishmetov 2025-yil regulyator uchun inflyatsiya nuqtayi nazaridan so‘nggi yil bo‘lishiga umid bildirdi. Joriy yil oxiriga kelib Markaziy bank yillik inflyatsiyaning o‘sish sur’ati 8% gacha, 2026-yilda esa 6% gacha sekinlashishini kutmoqda.

O‘zbekistonda 1-maydan maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari ko‘tarildi — bu so‘nggi bir yil ichida tariflarning ikkinchi marotaba oshirilishi bo‘ldi. Shuningdek, metan gaz quyish shoxobchalari uchun gaz narxi 38,9%ga oshib, bir kub metr uchun 2500 so‘mni tashkil etdi. Natijada gaz “zapravka"larda metan narxi 1 kubometri uchun 5200 so‘mgacha qimmatlashdi.

Joriy yilning fevral oyida Markaziy bank AGTKShlar uchun rejalashtirilgan tabiiy gaz ulgurji narxlarining oshirilishi transport xarajatlarining oshishi hisobiga mahsulot tannarxining oshishiga olib kelishidan xavotir bildirgandi.

Avvalroq Markaziy bank muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solishni boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.