Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda hududlarda yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyati bo‘lishiga qaramay, bemorlar hali ham Toshkentga kelayotgani qayd etildi. Masalan, o‘tgan yili yurak ishemik kasalligi bor bemorlarga ko‘rsatilgan koronarografiya va stentlash amaliyotining 80%i Toshkentda bajarilgan.

Jarrohlik amaliyoti talab qilmaydigan yurak ishemik kasalligi bor bemorlarni ham poytaxtga kelishi kamaymagan. Respublika markazlarining birortasi bemorlarning viloyat yoki tumanda qolib davolanishidan manfaatdor emasligi tanqid qilindi. Endi ularda budjet hisobidan faqat yuqori texnologiyali murakkab amaliyotlar o‘tkaziladi.

Tuman va viloyatda bemalol qilish mumkin bo‘lgan amaliyotlar uchun respublika markazlariga yo‘llanma berilmaydi. Mutasaddilarga respublika, viloyat, tumanga yo‘llanma beriladigan kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlash topshirildi.

Bu yil elektron yo‘llanma asosida davolashga budjetdan 1,1 trln so‘m ajratiladi. Mutasaddilarga hududlarga ajratiladigan mablag‘lar ulushini 14% dan 30% gacha oshirish vazifasi berildi. O‘tgan yili hududlarga 100 mlrd so‘m berilgan bo‘lsa, bu yil ushbu mablag‘ 350 mlrd so‘m bo‘ladi.

Elektron yo‘llanma berish va taqsimlash tizimi tubdan o‘zgartiriladi. Unga kiritilgan kasalliklarni davolash xizmatlariga yagona bazaviy narx tasdiqlanadi. Endilikda bemorga respublika darajasida davolanish uchun berilgan yo‘llanma yagona elektron platformaga joylashtiriladi.

Platformada respublika markazi, boshqa viloyatdagi davlat va xususiy klinikalar ishtirok etadi. Ya’ni, yo‘llanma uchun tanlov bo‘lib, shifoxonalar bemorni qachon qabul qilishi, qanday davolashi, kerak bo‘lsa, shifokorini hududga yuborib, muolajani o‘sha yerda qilishi bo‘yicha eng maqbul taklifini beradi. Ular asosida bemor o‘ziga eng qulay shifoxonani tanlaydi.

Prezident respublika markazlari va hududiy shifoxonalar o‘rtasida erkin raqobat bo‘lishiga ishonch bildirdi. Umuman, tibbiy sug‘urta tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Mamlakatda har yili $600−700 mln mablag‘ samaradorligi isbotlanmagan va o‘rganilmagan dorilarga sarflanmoqda. Bunday dorilarning importdagi ulushi 42% ni tashkil etadi. Rivojlangan davlatlar dalillarga asoslangan tibbiyotga tayanib, keng miqyosda o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar orqali samaradorligi va xavfsizligi isbotlangan dorilardan foydalanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga xalqaro tan olingan manbalarda “samarasiz yoki samarasi o‘rganilmagan” deb topilgan preparatlarni klinik protokollardan chiqarishni boshlash topshirildi.

Barcha tibbiyot muassasalari, birinchi galda bolalar shifoxonalarida antibiotiklarni asosli qo‘llash bo‘yicha kompleks reviziya o‘tkaziladi va protokollarga amal qilmagan xodimlarga nisbatan chora ko‘riladi.

Bosh prokuraturaga retseptli dorilarni noqonuniy sotganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash topshirildi.

“Elektron retsept” tizimini Toshkent shahrining Yunusobod tumanida to‘liq ishga tushirib, butun mamlakatga namuna qilish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentning 2023-yilning may oyidagi qarori bilan aholini xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha Elektron retsept (reimbursatsiya) tizimini joriy etish belgilangan.

O‘tgan yilning iyul oyida, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov tizimiga 2024-yilda o‘tilishini qayd etgandi. Bu tizim keraksiz dori-darmonlarni retseptlashning oldini olishga qaratilgan.

Joriy yil boshida Toshkent viloyatining Qibray tumanida dorilarni elektron retsept asosida yozish va berish bo‘yicha loyiha ishga tushirildi.