Snickers shokoladlarining tarixi otlar bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘plab iste’molchilar orasida bu ikki tushunchani umumlashtiruvchi narsa nimada ekan, degan savollar mavjud.

Barchasi 1930-yilga borib taqaladi. Amerikalik Franklin Mars o‘zining shokoladiga Snickers deb nom beradi — u mahsulotga ayoli Etelning sevimli oti laqabini qo‘ygandi.

Shuni aytib o‘tish kerakki, bu shirinlikning yaratishi butunlay yangi g‘oya bo‘lmagan. Boisi, o‘sha paytlarda yong‘oq va shokolad qo‘shilgan shirinliklar savdo rastalarida sotilardi. Masalan, 1913-yilda GooGoo aralashmasi, 1922-yilda “Goldenburgning yong‘oqli saqichlari” yaratilgan.

Snickers shirinligi Mars kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilib, ular Milky Way, M&M's konfetlari, Skittles kabi mashhur shirinliklarni ham yaratishgan.

Shunga qaramasdan Mars tomonidan ommaga taqdim etilgan yeryong‘oqli shokolad ommalashib ketadi. 2013-yilga kelib bu shirinlik AQShning o‘zida $1 mlrdlik savdoni amalga oshirgan.


Snickers tarixining boshlanish nuqtasi

1883-yil Minnesota shtatining Nyuport shahrida Franklin Mars ismli bola dunyoga keladi. Bolaligida Marsda poliomiyelitkasalligi aniqlanib, qo‘ltiqtayoqsiz yura olmay qoladi. Kasalligi sabab tengdoshlari qatori maktabga bora olmay qolgan bolakay, uyida onasiga shirinlik tayyorlashga yordam beradi. Ular shirinliklar tayyorlab sotar, birgalikda kun kechirishardi.

Shundan so‘ng, 1902-yilda Mars qandolatchilikni butun hayoti davomidagi kasbi qilishga qaror qilib, 19 yoshga to‘lganida shirinliklar savdosi sohasida ishlashni boshlaydi. Oradan biroz muddat o‘tib hayot yo‘lini Etel Kissek bilan bog‘laydi.

1904-yilda ularning oilasida o‘g‘il farzand Forrest dunyoga keladi. Aynan u sabab Mars hozirda mavjud bo‘lgan shirinliklar orasidagi batonchiklarni o‘ylab topgandi.

Kunlarning birida u Forrest bilan do‘konga otlanadi, o‘g‘li otasidan shokolad olib berishni so‘raydi. U kezlarda shokolad faqat tarozida sotilgani sabab, xarid qilgandan so‘ng tez iste’mol qilinmasa erib ketardi. Bu odamlar uchun noqulaylik tug‘dirar, ayniqsa, yozning issiq kunlarida — quyoshda tez eriydigan shokoladni iste’mol qilsangiz qo‘llaringiz tez shokoladga “ko‘milib” ketardi.

biznes tarixi, forrest, franklin mars, snickers

Franklin Mars va Etel Kissek. Foto: Pinterest

Shu sabab, 1920-yillarning boshlarida Mars ayoli bilan birgalikda Milky Way shokolad batonchasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydilar. Bu shirinlik 1927−1929-yillarda Amerikadagi eng mashhur shirinlikka aylanadi.

Bu orada, 1928-yilda Marsning o‘g‘li Forrest Yel universitetini tugatgandan so‘ng, Buyuk Britaniyada shaxsiy biznesini boshlash uchun Amerika tashqarisiga jo‘nab ketadi.

Ular bu bilan to‘xtab qolishmaydi — Milky Way’dan keyin Snickers’ni chiqish uch yildan ko‘proq vaqt sarlab, 1930-yilda uni ommaga chiqarishadi. Bu yeryong‘oqli shirinlik tarixining boshlanish nuqtasi bo‘ladi.

Nega aynan Snickers deb nomlangan?

Snickers shirinligiga nom qo‘yish jarayoni ham qiziq kechadi. Mars va Etel Tennessi shtatidagi poyga otlari boqiladigan fermaga egalik ham qilishardi. Frankning ayoli Snikers laqabli otni juda yaxshi ko‘rardi.

Afsuski, ot shokolad bozorga chiqishidan bir necha oy oldin vafot etadi. Er-xotin ko‘p o‘ylamay, o‘zlarining ikkinchi mahsulotini Etelning sevimli oti xotirasiga Snikers deb nomlashadi.

biznes tarixi, forrest, franklin mars, snickers

Foto: Snickers

Ot nomi bilan atalgan eng birinchi Snickers-bar Chikagoda ishlab chiqarilgan va 5 sentdan sotilgan.

1990-yilgacha Buyuk Britaniya va Irlandiyada shokolad Marathon nomi bilan, keyinchalik butun dunyo bo‘ylab Snickers nomi ostida sotila boshlangan. Shokoladning eski versiyasi muxlislari Marathon Snickers’ga qaraganda mazaliroq bo‘lganini ta’kidlashadi.

Logotiplarning o‘zgarib borishi

Brendning ilk 1930−1939-yillardagi logotiplari oq to‘rtburchak bo‘lib, uning markazida to‘q sariq rang bo‘lgan. Yuqori va pastki qismidagi oq maydonlarga ko‘k chiziqli harflar bilan Snikers deb yozilgandi. Markaziy qismda esa o‘rovi ustida yotgan shirinlikning tasviri joylashtirilgandi.

1939-yilda ishlab chiqilgan logotipda so‘z belgisi hamda uning chap tomonida yulduz ramzi aks ettirilib, harflari katta va qirrali bo‘lgan. Qora rangdagi nom yozuvi shokoladni eslatuvchi jigarrang hoshiya bilan o‘ralgan.

1968-yilda brend logotipi hozirgiga yaqin ko‘rinishga kela boshlagan. Harflar endi yanada nafis va zamonaviyroq shriftda tasvirlandi, rang palitrasi esa ko‘k rangga o‘zgartirildi. Logotip oq fonda joylashtirilgan bo‘lib, bu uni yorqin va ta’sirchan qilib ko‘rsatgan.

2000-yilda Snickers brendi qizil ramkani qalinlashtirib, birinchi va oxirgi “S” harflarini kattalashtirdi. Boshqa barcha harflar bir xil o‘lchamda bo‘lib, ixcham va qalin ko‘rinishga ega bo‘ldi.

2005-yildagi dizaynda esa logotip ramkasi yupqalashtirib, barcha bosh harflarni bir xil balandlikka qaytariladi. Shrift chiziqlari sayqallandi va zamonaviylashtirildi, harflar esa logotipga hajm va dinamika baxsh etuvchi nozik oq soyaga ega bo‘ldi.

biznes tarixi, forrest, franklin mars, snickers

Foto: 1000 Logos

Shirinlikning ommalashishi

Buyuk Britaniyaga o‘z biznesini ochish uchun ketgan Forrest 1932-yilda fabrika qurish uchun bino sotib oladi. Biroz vaqt o‘tgach, u bir nechta xodimni ishga olib, shirinlik ishlab chiqarishni boshlab yuboradi. Bu fabrikada yana bir afsonaviy batoncha — Mars paydo bo‘ldi.

1930-yilda Forrest Mars Uilyam Marri bilan birgalikda M&M kompaniyasini tashkil etib, dunyoga mashhur M&M's konfetlarini ishlab chiqara boshlaydi.

O‘g‘il o‘z biznesi bilan band bo‘lgan bir paytda otasi Mars 1934-yilda o‘tkir yurak va buyrak yetishmovchiligidan vafot etadi. Bu vaqtga kelib uning biznesi taxminan $30 mln dollar aylanmaga ega bo‘lgan yirik kompaniyaga aylanib ulgurgandi. 1964-yilda ikki M&M va Mars kompaniyalari M&M/Mars nomini ostida birlashadi.

Kompaniyalar birashgandan so‘ng, 1970-yillarda Snickers Munch Bar deb nomlangan Snickers plitkasining yangi versiyasini taqdim etdi. Ushbu yangi plitka sutli shokolad bilan qoplangan Snickers bo‘laklaridan tayyorlangan. Munch Bar katta muvaffaqiyatga erishib, shirinlikning dunyodagi eng yaxshi shokolad plitkalaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga yordam berdi.

biznes tarixi, forrest, franklin mars, snickers

Foto: Yahoo

Undan so‘ng, 1990-yillarda kompaniya muzqaymoq ishqibozlari orasida tezda ommalashgan Snickers Ice Cream Bar’ni taqdim etdi. Ice Cream Bar vanilli muzqaymoq, karamel, yeryong‘oq va sutli shokoladdan tayyorlangan bo‘lib, tezda ommaning sevimlisiga aylanadi.

Forrest ota-onasi tomonidan yaratilgan an’anaviy shirinlik ta’mini saqlab qolgan holda, uni zamonga moslashtirib Snickers’ning yangi turlarini ishlab chiqarishdan to‘xtamaydi. Natijada, 2000-yillarning boshlarida kompaniya Snickers Cruncher’ni taqdim etdi, u qarsildoq guruch sharchalari bilan to‘ldirilgan shokolad plitkasidan iborat bo‘ladi.

Cruncher ta’mi katta muvaffaqiyatga erishib, boshqa yangi mahsulotlar, jumladan, qora shokoladdan yasalgan klassik plitkaning to‘qroq versiyasi bo‘lgan Snickers Dark bilan davom etdi. Snickers Dark’ning paydo bo‘lishi brendga qora shokoladni afzal ko‘radigan iste’molchilarni jalb qilish imkonini berdi.

Bundan tashqari, uni ko‘plab mashhur insonlar reklama qilib chiqishadi. Ulardan biri Rouen Atkinson odamlar orasida “Mister Bin” nomi bilan tanilgan aktyor hisoblanadi.

biznes tarixi, forrest, franklin mars, snickers

Foto: rasmda Rouen Atkinson. Snickers

Snickers marketing strategiyasining muvaffaqiyati sotuvlarning o‘sishi hamda bozorda mahsulot ulushining oshishiga xizmat qiladi. Brend 2023-yilda 13% dan ortiq global o‘sishni boshdan kechirdi. 2010-yildan 2012-yilgacha bozordagi ulushi $376 mlnga yetgandi.

Forrestdan keyin kompaniyaga nima bo‘ldi, ular ham Adidas tarixiga o‘xshab biznesning parchalanishi bilan yakunlanadimi?, 2016-yilga kelib Forrest Mars kopmaniyasini bir oila a’zolariga tegishli bo‘lgan eng yirik xususiy kompaniyaga aylantirdi.

Unga ko‘ra, kompaniya oilaviy mulk bo‘lib qoladi. Bugunga kelib, Mars’ning boshqaruviga uchinchi avlod vakillari, Frank Marsning nabiralari — Jaklin, kichik Forrest va Jon kelishgan.