Panasonic Holdings kompaniyasi qayta tashkil etish doirasida jami xodimlarining taxminan 5%ini tashkil etadigan 10 mingta ish o‘rnini qisqartirish rejasini ma’lum qildi. Bu haqda NHK telekanali ma’lum qildi.
Ishdan bo‘shatishlarning yarmi Yaponiyaga, qolgan yarmi esa boshqa mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Qisqartirishlarning ko‘p qismi 2025-moliyaviy yilda amalga oshiriladi.
Bloomberg‘ning yozishicha, qayta tashkil etish Panasonic’ga taxminan $895 mlnga tushadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ishdan bo‘shatishlar birinchi navbatda savdo bo‘limlari va rahbariyatga ta’sir ko‘rsatadi.
Bosh direktor Yuki Kusumi qisqartirishlar kompaniyani “keyingi o‘n yoki yigirma yillikka” tayyorlash uchun zarurligini aytdi.
Kusumining ta’kidlagashicha, agar hozir doimiy xarajatlar qisqartirilmasa, kompaniya o‘sishga qayta erishа olmaydi.
Panasonic “yuqori istiqbolli” yo‘nalishlarga e’tibor qaratishga qaror qildi: energiya tejamkor texnologiyalar, ma’lumotlar markazlari uchun yechimlar, shuningdek, elektromobillar va maishiy texnika uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarish.
Bundan tashqari, kompaniya rentabellikni oshirish istiqbollari bo‘lmagan zararli faoliyat turlaridan chiqishni, shuningdek, bazalarni birlashtirishni va yopishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya so‘nggi marta 2001-yilda xodimlarni keng ko‘lamda qisqartirgan edi. O‘shanda Panasonic butun guruh miqyosida ilk bor zarar ko‘rganini e’lon qilib, 13 mingga yaqin xodimni muddatidan oldin nafaqaga chiqargan edi.
Keyingi yirik qisqartirish 2011-yilda Sanyo Electric sho‘ba korxonaga aylantirilganda sodir bo‘ldi. Bu voqea natijasida 40 mingga yaqin xodim ishdan bo‘shatildi.
Avvalroq Spot Intel 21 mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, qaror kompaniya boshqaruvini optimallashtirish chorasi sifatida qabul qilingan.