Toshkent shahrida noqonuniy reklama qurilmalariga qarshi ishlar davom etmoqda. Bu haqda tuman hokimliklari matbuot xizmatlari xabar berdi.

Shayxontohur tumanida tashqi reklama bozorini tartibga solish bo‘yicha tuman ishchi guruhi tomonidan nazorat ishlari olib borildi. Bu “Reklama to‘g‘risida"gi qonun ijrosini ta’minlash va reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Jarayon davomida tuman markaziy ko‘chalarida joylashtirilgan tegishli pasport ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan noqonuniy reklama qurilmalari bartaraf etildi.

Tuman hokimligi ishchi guruhning bu yo‘nalishdagi faoliyati davom etishini qo‘shimcha qilgan.

Shuningdek, nazorat tadbirlari Chilonzor tumanida ham olib borilib, tumanning Furqat ko‘chasida joylashgan reklama bannerlari demontaj qilindi.

May oyi boshida Toshkent shahar hokimligi tashqi reklama va axborot konstruksiyalarini joylashtirish sohasida tartibni ta’minlashga qaratilgan ishlar tizimli davom etayotganini ma’lum qilgandi.

Tahlillar ruxsatsiz o‘rnatilgan reklama shitlari, bannerlar va peshlavhalar quyidagilarga sabab bo‘layotganini ko‘rsatmoqda:

  • obodonlashtirish qoidalarini buzib, poytaxt ko‘chalari va tumanlarining ko‘rinishini buzmoqda;
  • piyodalar yo‘laklari va yo‘l chetlarini to‘sib qo‘yib, ayniqsa kam harakatlanuvchi fuqarolarning yurishini qiyinlashtirmoqda;
  • yo‘l harakati xavfsizligiga xavf tug‘dirib, yo‘l belgilarini ko‘rishga xalaqit bermoqda;
  • muhandislik tarmoqlariga, jumladan sug‘orish kanallariga zarar yetkazib, yomg‘irli mavsumda hududlarning suv bosishiga olib kelmoqda.

Natijada, poytaxtning me’moriy yaxlitligini saqlash maqsadida tegishli ruxsat hujjatlari mavjud bo‘lmagan reklama konstruksiyalari olib tashlanmoqda.

Hokimlik biznes vakillariga murojaat qilib, bannerlar, ko‘rsatkichlar, konstruksiyalarni joylashtirishda rasmiy ruxsatnoma borligiga ishonch hosil qilishni, qoidabuzarlik aniqlansa, jarima va qo‘shimcha xarajatlar kelib chiqmasligi uchun obyektlarni o‘zlari bartaraf etishlarini so‘ramoqda.

Shuningdek, joylashtirilgan reklamalar texnik talablarga javob berishi va piyodalar va avtomobillar harakatiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Tashqi reklamani joylashtirishda vakolatli organlar tomonidan berilgan hujjatlar qonuniy asos bo‘ladi.

Poytaxt hokimligi maslahat olish va ariza topshirish uchun davlat xizmatlarining onlayn servislaridan foydalanishni hamda 71 210 0433 va 71 210 0266 raqamlari orqali murojaat qilishni so‘ragan.

Mart oyida poytaxtda reklama va e’lonlar peshlavhalarining davlat tili talablariga muvofiqligi o‘rganilib, Shayxontohur hamda Yakkasaroy tumanlarida tadbirkorlarga qonun talablari hamda ma’muriy javobgarlik yuzasidan tushuntirish berilgandi.

Aprel oyida ham Toshkentda noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama qurilmalari olib tashlandi. Shayxontohur, Chilonzor hamda Olmazor tumanlarida reyd tadbirlari o‘tkazilib, tadbirkorlarga reklama qurilmalarida davlat tili talablariga amal qilish bo‘yicha tushuntirish berildi.

Avvalroq 9 ta turoperator Umra tadbirlari bo‘yicha reklama talablarini buzgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.